
2026 yilda Toshkent, Buxoro va Urganchda yangi aeroportlar qurilishi boshlanadi
08.08.2025 | 08:158543
O‘zbekiston ichki va xalqaro avia bozorini kengaytirish maqsadida 6 ta xorijiy aviakompaniya jalb etiladi.

2026 yildan boshlab Toshkent, Buxoro va Urganch shaharlarida yangi xalqaro aeroportlar qurilishi boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026–2028 yillar uchun mo‘ljallangan fiskal strategiyasida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Jumladan, Buxoro aeroporti uchun 226 mln AQSH dollariga teng investitsiya jalb qilinadi. Qurilish 2026 yil oxiriga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Urganch aeroporti esa Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasiga 2047 yilgacha boshqaruvga berildi. Bu loyiha doirasida 222 mln dollarlik kelishuv imzolangan, shundan 115 mln dollari xususiy sherik tomonidan investitsiya qilinadi.
Toshkentda quriladigan yangi xalqaro aeroport 1 avgust kuni Prezident qarori bilan tasdiqlangan. U birinchi bosqichda yiliga 20 milliongacha yo‘lovchi qabul qilishga, bir vaqtning o‘zida 169 samolyotni joylashtirishga va soatiga 40 tacha parvoz va qo‘nishni amalga oshirishga qodir bo‘ladi. Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev ma’lum qilishicha, aeroport raqamlashtiriladi va zamonaviy texnologiyalar asosida quriladi.
Shuningdek, ichki aviaqatnovlar hajmini 1,5 barobarga oshirish va kamida 6 ta xalqaro aviakompaniyani O‘zbekiston bozoriga jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu mamlakatda aviaxizmatlar sifatini oshirish va sohaga raqobat muhitini kiritishga qaratilgan.





