
2026 yilda Xitoyda avtomobil eksporti kamayishi mumkin
Talab kamayotganligi va jahon iqtisodidagi o‘zgarishlar Xitoy avtomobil bozorida o‘sishni sekinlashtirishi prognoz qilinmoqda.

Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi 2026 yilda Xitoyda avtomobillar savdosi va eksport hajmlari sekinlashishini prognoz qilmoqda. Assotsiatsiyaga ko‘ra, bozordagi sust talab va tashqi iqtisodiy omillar o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda avtomobillar savdosi atigi 1 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025 yilda qayd etilgan 9,4 foizlik o‘sishdan ancha past. Assotsiatsiya ichki bozorda xaridorlik faolligi sezilarli darajada susayganini ta’kidlamoqda.
Elektromobillar va gibridlar segmentida ham o‘sish sur’atlari pasayishi kutilmoqda. Agar 2025 yili mazkur toifadagi avtomobillar savdosi 28,2 foizga oshgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 15,2 foizgacha tushishi mumkin.
Shuningdek, prognozlarga ko‘ra, avtomobil eksporti hajmi 4,3 foizga o‘sishi mumkin. Taqqoslash uchun, 2025 yilda Xitoy avtomobil eksporti kutilganidan yuqori bo‘lib, 21,1 foizlik o‘sish qayd etilgandi.
Assotsiatsiya ichki talabning yetarli emasligini aholining daromadlar bo‘yicha noaniq kutilmalari va ish o‘rinlari barqarorligiga doir xavotirlar bilan bog‘lamoqda. Shuningdek, yangi avtomobillarni «nol yurishli» qo‘llanilgan avto sifatida arzonlashtirib sotish amaliyotiga nisbatan nazorat kuchaytirilishi qisqa muddatda ichki bozorda zaxiralar bosimini oshirishi mumkin.
Bundan tashqari, geosiyosiy noaniqliklar, savdo va iqtisodiy ziddiyatlar eksportga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi kutilmoqda. Xitoy avtokonsernlarining ishlab chiqarishni xorijda mahalliylashtirishga urinishi ham eksportning pasayishiga olib kelishi mumkin.





