add

2026 yildan «chiroyli» raqamlar auksionsiz, «GAI»ning o‘zida beriladi

08.09.2025 | 14:3017083

O‘zbekistonda kelasi yildan avtomobillar uchun «chiroyli» raqamlarni auksion orqali sotish amaliyoti bekor qilinadi. Ular endi yagona oshirilgan to‘lov asosida taqdim etiladi.

2026 yildan «chiroyli» raqamlar auksionsiz, «GAI»ning o‘zida beriladi
Hukumat qaroriga ko‘ra, 2026 yildan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron ariza berish orqali olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu jarayon Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, YHXX rasmiy sayti va mobil ilovasi, shuningdek infokiosklar orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab raqamlar uchun yagona oshirilgan to‘lov miqdori «Uzavtomotobelgi» tomonidan belgilanadi. Bundan avval amal qilgan auksion savdolari Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan to‘xtatiladi. Savdoga qo‘yilib sotilmagan raqamlar ham yangi tartibga muvofiq beriladi. Qarorga muvofiq, avtomobil qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganda raqam belgisini saqlab qolish imkoni ham yaratiladi. Bu holda raqam yagona oshirilgan to‘lovning 50 foizi miqdoridagi to‘lov bilan egasi nomida qolishi yoki boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin. Bu talab joriy yil 1 noyabrgacha berilgan raqamlarga ham tatbiq etiladi. Yangi tartibga asosan, 2026 yildan boshlab yagona ochiq ma’lumotlar bazasida barcha raqamlar hudud kodlari doirasida joylashtiriladi. Yangi kodga o‘tish imkoni esa faqat mavjud kombinatsiyalarning 90 foizi band bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi. Eslatib o‘tamiz, onlayn auksionda 10 777 ZZZ raqami rekord narxda 1,56 milliard so‘m (122,2 ming dollar)ga sotilgan. Avvalroq O‘zbekistonda ham ismni mashina avtoraqam belgisiga yozib qo‘yishga ruxsat berish yuzasidan hukumat qarori imzolangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid