add

2030 yilgacha O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish 175 tonnaga yetkaziladi

Bugun 12:191462 daqiqa

Yangi sanoat dasturi doirasida ma’dan qayta ishlash kengayib, oltin va kumush sohasida yirik loyihalar ishga tushiriladi.

2030 yilgacha O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish 175 tonnaga yetkaziladi

2030 yilga qadar O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish hajmini 175 tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ma’lum qildi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakat sanoati yangi texnologik bosqichga o‘tib, qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga qaratilgan keng qamrovli dastur ishga tushiriladi. Ushbu dastur doirasida kelgusi besh yilda sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini hozirgi 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazish asosiy maqsad sifatida belgilangan. Shu bilan birga, yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali tarmoqlarda ishlab chiqariladigan mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 2026 yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Shundan kelgusi yilning o‘zida 14 milliard dollarlik 228 ta yirik ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmini keskin oshirishga xizmat qiladi.

Oltin qazib olish sohasida ham yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Xususan, Navoiy viloyatidagi oltin konlarida ma’dan qazib olish bo‘yicha 320 million dollarlik loyiha ishga tushirilib, qo‘shimcha 2 million tonna ma’dan qayta ishlanadi. Bundan tashqari, «Muruntov» konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari bo‘yicha jami 2,3 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu tashabbuslar natijasida mamlakat bo‘yicha yillik ma’dan qayta ishlash quvvati 18 million tonnaga yetkaziladi. Bu esa oltin ishlab chiqarish hajmini izchil oshirishga va 2030 yilga borib 175 tonna darajasiga chiqishga imkon yaratadi.

Teglar

Mavzuga oid