add

230 mln so‘m ortiqcha mablag‘ undirgan tibbiyot birlashmalari aniqlandi

Bugun 18:182542 Daqiqa

Xorazmda ayrim tibbiyot birlashmalari 160 ming iste’molchidan asossiz tarzda mablag‘ olgani ma’lum bo‘ldi.

230 mln so‘m ortiqcha mablag‘ undirgan tibbiyot birlashmalari aniqlandi

Xorazmda ayrim tibbiyot birlashmalari iste’molchilardan 230 mln so‘m ortiqcha mablag‘ undirgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi 2023–2025 yillar davomida tibbiyot birlashmalari tomonidan pullik xizmat ko‘rsatish jarayonida qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazgan. Tekshiruvlar davomida ayrim tibbiyot muassasalarida pullik xizmatlar ko‘rsatilishi jarayoni o‘rganilib, bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Qayd etilishicha, Yangibozor tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan qariyb 39 ming iste’molchiga 2 milliard so‘mga yaqin pullik tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, Gurlan tuman tibbiyot birlashmasi 120 ming nafarga yaqin bemorga 3 milliard so‘mga yaqin xizmat ko‘rsatgan.

Ushbu tibbiyot birlashmalarida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida ayrim xizmatlar narxiga asossiz ravishda qo‘shimcha soliqlar qo‘shilgani aniqlangan. Bundan tashqari, bemorlar amalda foydalanmagan dori-darmon va tibbiy buyumlar ham umumiy narxga qo‘shib yuborilgan. Bu holatlar minglab iste’molchilar uchun ortiqcha xarajat paydo qilgani qayd etildi.

Natijada, 160 mingga yaqin iste’molchidan jami 230 million so‘mdan ortiq ortiqcha mablag‘ undirilgani aniq bo‘ldi. Boshqarma tomonidan bu holat “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablarining qo‘pol buzilishi sifatida baholangan.

Maxsus komissiya tomonidan Yangibozor va Gurlan tuman tibbiyot birlashmalariga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, iste’molchilardan asossiz undirilgan mablag‘larni to‘liq qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Shuningdek, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish talabi qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi poytaxtdagi avtoturargoh operatorlarining bitim shartlari va narxlarga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish ehtimoli bo‘yicha maxsus o‘rganish boshlagani haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

230 mln so‘m ortiqcha mablag‘ undirgan tibbiyot birlashmalari aniqlandi | Vaqt.uz