
28 ming dollar evaziga Meksika orqali AQSHga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
21.08.2025 | 11:4532673
Samarqand va Andijonda odamlar ishonchiga kirib, pora evaziga xorijga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand shahrida fuqaro B.B. insonlarning ishonchiga kirib, ularni 28 ming dollar evaziga Meksika orqali AQSHga yuborishni va’da qilgan. U shundan 4,5 ming dollarni olgan paytda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, Andijon viloyatida ham o‘xshash holat aniqlangan. «H.D.» MCHJ rahbari J.D. fuqaro G‘.A.ga Bolgariyaga ishga jo‘natish va vizasini rasmiylashtirishni va’da qilgan. U bir ming dollar olgan vaqtda tezkor chora ko‘rilgan va ushlangan.
Ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi — firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda xorijiy ishga joylashtirish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ortib borayotgani kuzatilmoqda. Mutasaddilar aholini bunday shaxslarga ishonmaslikka va faqat davlat vakolatli idoralari orqali ishga yuborish xizmatlaridan foydalanishga chaqirmoqda.
Avvalroq, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida ham Latviyaga ishga yuborishni va’da qilib, pora olganlar ushlanganligi haqida xabar bergan edik.





