
29 ta tumanda ishlab chiqarish 4,5 trln so‘mga kamaydi
26.05.2025 | 15:3050252
O‘zbekistonning 29 ta tumanida ishlab chiqarish hajmi 4,5 trillion so‘mga qisqardi, bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektorda ma’lum qildi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida bugungi tahlikali va noaniqliklarga to‘la sharoitda har bir mamlakat, avvalo, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
Tashqi bozordagi o‘zgarishlar sharoitida, 1 millionga yaqin aholi faoliyat yuritayotgan to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik sohalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, iqtisodiyotning yana bir muhim yo‘nalishi — zargarlik sanoatiga yangi sur’at berilishini kutmoqda.
Joriy yilning birinchi to‘rt oyida sanoat 6,3 foizga o‘sib, 290 trillion so‘mga yetgani e’tirof etildi. Bu natija kechiktirilmasdan ko‘rilgan chora-tadbirlarning samarasidir. Ammo shu bilan birga, 29 ta tumanda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada qisqargani qayd etildi.
Prezident ushbu kamayish kichik raqam emasligini ta’kidlab, bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini bildirdi. Mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish va ish o‘rinlarini saqlash maqsadida aniq choralar ko‘rilishi zarur.





