
3 yoshga to‘lmagan bolasi bor onalarga ish vaqti qisqartiriladi
budjet tashkilotlarda ishlaydigan 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor onalar uchun haftalik ish vaqti 35 soatgacha qisqartiriladi.

Mehnat qonunchiligida belgilangan tartiblarga muvofiq, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor budjet tashkilot xodimlari uchun mehnat kafolatlari belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, bolasi 3 yoshga to‘lmagan ota-onalardan biri yoki vasiy haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan ish vaqtida ishlashi mumkin. Eng muhim jihati, bunda ish haqi to‘liq ish vaqtidagi miqdorda saqlanib qoladi.
Mazkur qoida davlat byudjeti hisobidan faoliyat yurituvchi tashkilotlarda ishlaydigan xodimlarga tatbiq etiladi. Qisqartirilgan ish vaqti joriy qilinishi bolali oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnat va oilaviy majburiyatlarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Qonunchilikda homilador ayollar uchun ham qo‘shimcha mehnat kafolatlari nazarda tutilgan. Ish beruvchi homilador ayolning, shuningdek 14 yoshga to‘lmagan bolasi bor ota-onalardan birining iltimosiga ko‘ra, tibbiy xulosa asosida to‘liqsiz ish vaqti belgilashi shart hisoblanadi. Bu talabni bajarmaslik mehnat qonunchiligini buzish sifatida baholanadi.
Shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onalardan biriga oyiga qo‘shimcha bir dam olish kuni berilishi belgilangan. Ushbu qo‘shimcha dam olish kuni uchun davlat ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida nafaqa to‘lanadi.
Ushbu mehnat kafolatlari aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi hamda ishchi kuchining barqarorligini ta’minlashga yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, budjet sohasida kadrlar oqimini kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.





