
43 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bekor qilindi
16.07.2025 | 12:3029303
Toshkent shahri va bir qator viloyatlarda o‘tkazilgan tenderlar davomida umumiy qiymati 43 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan davlat xaridlari raqobatga zid holatlar tufayli bekor qilindi.
Toshkent shahri va bir qator viloyatlarda o‘tkazilgan tenderlar davomida umumiy qiymati 43 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan davlat xaridlari raqobatga zid holatlar tufayli bekor qilindi.
Raqobat qo‘mitasi axborotiga ko‘ra, birgina Toshkent shahrida 25,7 milliard so‘mlik tenderlarda noqonuniy holatlar aniqlangan. «Uzbekistan Airways», »Xalq banki», «FK Bunyodkor» va boshqa yirik tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarda raqobat talablariga rioya qilinmagan. Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi ko‘rsatmasi bilan ushbu tanlovlar bekor qilingan.
Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham davlat buyurtmachilari o‘tkazgan savdolarda turli qonunbuzilish holatlari qayd etildi. Masalan, Jizzaxda futbol akademiyasi autsorsing xizmati bo‘yicha tenderda raqobatni cheklovchi talablar qo‘ygan. Qashqadaryoda baholash mezonlarsiz o‘tkazilgan xaridlar kuzatilgan. Barcha holatlarda buyurtmachilar savdolarni ixtiyoriy ravishda bekor qilgan.
Samarqand viloyatidagi 8 tashkilot o‘tkazgan 12,4 milliard so‘mlik tenderlarda ham qonunbuzilishlar aniqlanib, ularni bekor qilishga erishildi. Xorazmda esa sport maktab-internati va tuman hokimligi kabi muassasalar raqobat qonunchiligiga zid harakatlar uchun ogohlantirilgan va ular tenderlarni bekor qilgan.
Raqobat qo‘mitasi so‘nggi vaqtlarda davlat xaridlarida shaffoflik va teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida muntazam monitoring olib bormoqda.





