Logo

43,1 mlrd dollar: Toshkent xalqaro investitsiya forumi rekord natija ko‘rsatdi

Bugun 15:002 daqiqa

Toshkentda o‘tkazilgan bu yilgi forumda 43,1 mlrd dollarga teng 166 ta investitsiya bitimi rasmiylashtirildi. 2025-yilgi forumda 30,5 mlrd dollarlik kelishuvlarga erishilgandi.

43,1 mlrd dollar: Toshkent xalqaro investitsiya forumi rekord natija ko‘rsatdi

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) yakunlariga ko‘ra, umumiy qiymati 43,1 milliard dollarga teng bo‘lgan 166 ta investitsiya bitimi imzolandi. Bu haqda Vaqt.uz ga investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.

Taqqoslash uchun, 2025 yilda o‘tkazilgan forumda 30,5 mlrd dollarlik kelishuvlar rasmiylashtirilgandi. Bu yilgi forum qamrovi bo‘yicha yangi rekordlarni qayd etdi.

Tadbirda jami 10 409 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 102 mamlakatdan tashrif buyurgan 3 802 nafar xorijiy delegat qatnashdi. Kompaniyalar faolligi ham sezilarli oshib, forumda 3 145 kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Uch kun davomida forumda BlackRock, JPMorgan Chase, Citibank, Visa, Franklin Templeton, Standard Chartered, London Stock Exchange Group, Bank of China, BP, Masdar, ACWA Power, Airbus, John Deere, Meta, Coca-Cola, DP World, AD Ports Group kabi dunyo iqtisodiyoti yo‘nalishlarini belgilab beruvchi kompaniyalar ishtirok etdi.

Tadbirda vakillari qatnashgan kompaniyalar boshqaruvidagi aktivlarning umumiy hajmi qariyb 42 trillion dollarni tashkil etdi.

Forum tadbirlarida 76 nafar hukumat vakillari ishtirok etdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich ancha kamroq — 26 nafarni tashkil etgan edi.

TIIF 2026 doirasida jami 79 ta tadbir o‘tkazildi. Ular orasida 34 ta panel muhokamasi, 8 ta investitsion taqdimot sessiyasi va 7 ta ikki tomonlama biznes forumlari bo‘ldi.

Ikki tomonlama biznes forumlari AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni va BAA ishtirokida tashkil etildi.

Forum doirasida faoliyat yurituvchi Xorijiy investorlar kengashi ham sezilarli kengaydi. Kengash a’zolari soni 54 tadan 85 ta kompaniyaga yetdi. Ular 19 mamlakat va iqtisodiyotning 23 ta turli sohasini qamrab oladi.

Tadbirni 41 mamlakatdagi 123 ta tahririyatdan kelgan 209 nafar xorijiy jurnalist yoritdi. Ular orasida Bloomberg, Reuters, Nikkei, Euronews, BBC News, CGTN, TRT, The Independent va Sinxua kabi yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalari bor edi.

Forumda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar va mutaxassislar O‘zbekistonning investitsion salohiyatini, iqtisodiy o‘sish imkoniyatlarini yuqori baholadi.

Teglar

Mavzuga oid