
500 ta bozor va muassasada raqamli nazorat joriy etiladi
30.07.2025 | 13:3011783
Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashda raqamlashtirishni eng ishonchli va samarali vosita deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu yo‘l bilan shaffoflikka erishish va nazoratni kuchaytirish mumkin. Prezident mazkur masalani 29 iyul kuni maishiy korrupsiyaga qarshi taqdimot chog‘ida qayd etgan.

Davlat rahbari Toshkentdagi «Chorsu» bozorida amalga oshirilgan raqamlashtirish tajribasini misol qilib keltirdi. Bu yerda soliq tushumlari ikki barobarga oshgani qayd etildi. Ushbu natijalarga tayangan holda, Prezident 500 ta bozor, yirik savdo markazlari va pullik xizmat ko‘rsatuvchi davlat muassasalarida raqamli yechimlarni tatbiq etishni topshirdi.
O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevga ko‘ra, barcha sohalar prokuraturaning axborot tizimiga to‘liq integratsiya qilinadi. Bu orqali qonun ijrosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Yo‘ldoshev yer resurslaridagi korrupsiyani kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar haqida ham axborot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kadastr agentligi «O‘zbekkosmos» monitoring ma’lumotlaridan foydalanib, oxirgi ikki yilda yerdagi qonuniylikni 3,5 baravarga oshirgan. Qariyb 63 ming gektar noqonuniy foydalanilgan yerning 51 ming gektari davlat zaxirasiga qaytarilgan.
Bosh prokuror qolgan to‘rtta vakolatli organ ham ushbu ma’lumotlardan samarali foydalanishi kerakligini ta’kidladi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi va yerdan oqilona foydalanishni ta’minlash imkonini beradi.





