
64 yoshli ayol tergov izolyatorida vafot etdi
10.10.2025 | 20:4019052
Ayol 25 iyul kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan, bugun esa vafot etgan.

Samarqand viloyatida qo‘y o‘g‘irlashda gumon qilingan 64 yoshli L.I. ismli ayol tergov davrida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistondagi mustaqil «Ezgulik» inson huquqlari jamiyatining rahbari Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook sahifasida yozmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 25 iyul kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinib, 7-sonli tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Diabet bilan og‘riganiga qaramay, advokatlarining tibbiy ekspertiza tayinlash haqidagi so‘rovi qondirilmagan.
Ayolning ahvoli og‘irlashgach, u poytaxtdagi “Sangorod” shifoxonasiga olib borilgan, so‘ng yana izolyatorga qaytarilgan. Bugun esa u vafot etgani ma’lum qilingan.
Hozircha rasmiy idoralar tomonidan voqea yuzasidan rasmiy izoh berilmadi.





