add

72 kishiga soxta «prava»lar rasmiylashtirib bergan jinoiy sxema fosh etildi

Bugun 18:443132 daqiqa

Davlat xizmatlari markazi xodimi ishtirokida haydovchilik guvohnomalarini noqonuniy rasmiylashtirish holatlari aniqlandi.

72 kishiga soxta «prava»lar rasmiylashtirib bergan jinoiy sxema fosh etildi

Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq yirik jinoiy sxema fosh etildi. Tergov natijalariga ko‘ra, hududiy Davlat xizmatlari markazining bosh mutaxassisi jinoiy sheriklari bilan birgalikda 2025 yil davomida 72 nafar fuqaroga noqonuniy ravishda haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.

Aniqlanishicha, mazkur shaxslar avval hech qachon haydovchilik guvohnomasi olmagan fuqarolardan jami 616 million so‘m miqdorida pora olgan. Ushbu mablag‘lar evaziga nazariy va amaliy imtihonlarni topshirmasdan, soxta hujjatlar asosida guvohnomalar berilgan. Holat yuzasidan Davlat xizmatlari markazining bosh mutaxassisi va uning sheriklariga pora olish, pora berish hamda rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish ayblovlari e’lon qilingan.

Tergov jarayonida jinoiy guruh ikki xil usuldan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Birinchi holatda, eski turdagi haydovchilik guvohnomalari qo‘lbola usulda tayyorlanib, keyinchalik pora evaziga ular yangi namunadagi guvohnomalarga almashtirilgan. Ikkinchi holatda esa fuqarolarning go‘yoki haydovchilik guvohnomasi mavjudligi haqida soxta ma’lumotnomalar tayyorlanib, QR-kodlar bilan tasdiqlangan.

Har ikki holatda ham fuqarolar o‘zlarida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmaganini bila turib, soxta hujjatlar bilan davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgan. Natijada, ushbu 72 nafar fuqaro ham jinoiy qilmishlarga sherik sifatida baholangan.

Bundan tashqari, respublika hududlarida o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlar davomida 1200 dan ortiq qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlanib, ular bo‘yicha alohida jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda barcha noqonuniy rasmiylashtirilgan guvohnomalar bekor qilingan va aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid