add

«7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi» — Shavkat Mirziyoyev

17.09.2025 | 12:3045725

Prezident O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2024 yilda 8,9 foizga tushirilgani, yil yakunigacha uni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingani haqida aytdi.

«7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi» — Shavkat Mirziyoyev
17 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zladi. Forumda 30 dan ortiq tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspert, jumladan, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al-Jassir, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yang, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva va boshqalar qatnashmoqda. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev jahon beqarorliklari va global tahdidlar fonida O‘zbekistonda amalga oshirilgan ijtimoiy islohotlarni tahlil qilib, kambag‘allikka qarshi choralarni davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi. Mirziyoyevning ta’kidlashicha, insoniyat keskin va murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Geosiyosiy va iqtisodiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi hamda pandemiyalar tufayli og‘ir sinovlar yuzaga kelmoqda. 2015 yildan buyon dunyo iqtisodiyoti o‘sish sur’ati o‘rtacha 3 foizga tushib, kambag‘allikda yashovchilar soni 800 milliondan oshdi. Prezident bu holat davlatlar va xalqaro tashkilotlar oldiga yangi vazifalar qo‘yayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi sakkiz yilda inson huquqini himoya qilish, ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Mirziyoyev kambag‘allikka qarshi kurash umummilliy harakatga aylanganini, Jahon banki va BMT bilan hamkorlikda milliy mezonlar ishlab chiqilganini qayd etdi. Yangilangan Konstitutsiyada pensiya va nafaqalar miqdori eng kam iste’mol xarajatidan kam bo‘lmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Izchil islohotlar natijasida 7,5 million kishi kambag‘allikdan chiqarildi, 2024 yilda uning darajasi 8,9 foizga tushirildi, yil yakuniga qadar esa 6 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan. O‘tgan davrda iqtisodiyot ikki barobar o‘sdi, jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi. Prezident Yangi O‘zbekiston modeli manzilli ijtimoiy daftarlar va keng qamrovli yordam tizimiga asoslanganini qayd etdi. Pandemiya davrida 2 milliondan ortiq oilaga dori, oziq-ovqat va nafaqalar berildi, natijada 5,2 million odam kambag‘allik qopqonidan asrab qolindi.

Teglar

Mavzuga oid

«7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi» — Shavkat Mirziyoyev | Vaqt.uz