add

8 ta tumanda yangi mebelchilik markazlari tashkil etiladi

Mebel sanoatida rivojga intilgan yosh tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilayapti. Prezident topshirig‘i bilan 8 ta tumanda zamonaviy mebelchilik markazlari faoliyat boshlaydi.

8 ta tumanda yangi mebelchilik markazlari tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalliy sanoatni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Yig‘ilishda mebelsozlik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va uni yanada kengaytirish rejalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yilda mazkur sohada 920 ta yangi korxona tashkil etilgan va jami 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Ammo hozirgi kunda mebel mahsulotlarining 25–30 foizi hali ham xonadonlarda tayyorlanmoqda. Bu esa kichik tadbirkorlarning ishlab chiqarishni to‘liq sanoatlashtirishga ehtiyoji borligini ko‘rsatadi. Shu maqsadda, yakka tadbirkorlarga besh nafargacha ishchi jalb qilib, mebel ishlab chiqarish faoliyatini rasmiy tarzda amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, faoliyatni boshlamoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha, 18 foizli kreditlar ajratish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda Oltinko‘l va Xonqada tashkil etilgan mebelchilik markazlarida 100 dan ortiq korxona zamonaviy uskunalarda faoliyat yuritmoqda. Ilgari tor xonadonlarda ishlagan ustalar hozir klaster tizimida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xonqa tajribasini ommalashtirish maqsadida Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Past Darg‘om, O‘rta Chirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepa tumanlarida ham zamonaviy mebelchilik markazlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid