83 trln dollarlik meros: Dunyo tarixdagi eng yirik boylik uzatilishiga tayyorlanmoqda

Kecha 22:253 daqiqa

UBS hisobotiga ko‘ra, dunyodagi eng yirik boylik uzatilishi jarayonida asosiy xatar – oilaviy muloqot yetishmasligi.

83 trln dollarlik meros: Dunyo tarixdagi eng yirik boylik uzatilishiga tayyorlanmoqda © Bloomberg

Dunyo tarixdagi eng yirik boylik uzatilishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda – keyingi 20–30 yil ichida taxminan 83 trillion dollar avloddan avlodga o‘tadi. Biroq UBSning «Global Next Generation Report 2026» hisobotiga ko‘ra, bu jarayon bozor inqirozlari emas, balki oddiy muloqot yetishmasligi sabab muammoli bo‘lishi mumkin. Bu haqda «Fortune» xabar berdi.

Ko‘plab merosxo‘rlar tan olishicha, pul haqida gaplashishga hamma tayyordek tuyuladi, ammo amalda bu suhbatlar bo‘lmaydi. Odatda har kim birinchi bo‘lib boshqasi boshlaydi, deb kutadi.

UBS ma’lumotlariga ko‘ra, javobgarlikdan qochish ko‘pincha «maxfiylik» ortiga yashiriladi. Yangi avlod merosxo‘rlarining qariyb 80 foizi oila moliyasi haqida yaxshi tushunchaga ega deb hisoblaydi:

48 foiz – barcha jihatlarni tushunaman deydi

30 foiz – ayrim yo‘nalishlarni tushunadi

Biroq ularning ancha kam qismi bu aktivlar nima maqsadda yaratilganini anglaydi.

So‘rov ishtirokchilaridan biri bu holatni shunday izohlagan: texnik masalalar (soliqlar, struktura) yaxshi tushuntirilgan, ammo «insoniy qism» – motivatsiya, maqsad va kutilmalar noaniqligicha qolgan.

So‘ralganlarning qariyb yarmi esa oldingi avlod umuman aniq meros strategiyasiga ega bo‘lmaganini aytgan. Natijada, yangi avlod nafaqat pul, balki noaniqlikni ham «meros qilib olmoqda». Shu bilan birga, ko‘pchilik bolaligidanoq bosim his qiladi – hatto oilada pul haqida ochiq gaplashilmasa ham.

Oilaviy kapital haqida qachon gaplashish kerak

UBS ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rov ishtirokchilarining 56 foizi oilaviy kapital haqida gaplashishni bolalik yoki o‘smirlik davridan boshlash kerak, deb hisoblaydi. Ammo amalda bunday suhbatlar ko‘pincha katta yoshgacha kechiktiriladi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, ertaroq muloqotni boshlagan oilalarda nafaqat mol-mulkni, balki mas’uliyatni ham o‘tkazish ancha oson kechadi.

UBS’ga ko‘ra, boy oilalardagi asosiy muammo – bu muloqot yetishmasligi (33 foiz). Faqat shundan keyin xarajatlar yoki adolat bo‘yicha kelishmovchiliklar keladi. Ko‘pincha o‘lim, meros, moliyani nazorat qilish kabi murakkab mavzular inqiroz paytigacha ortga suriladi va aynan o‘sha paytda ziddiyatlar kelib chiqadi.

Ayrim holatlarda vaziyat keskin tus oladi: merosxo‘rlar o‘z aktivlari haqida ilk marta rasman moliyaviy maslahatchilar bilan uchrashuvda, ya’ni trast ochilishi (disclosure) jarayonida bilishadi. Bu jarayon oddiy oilaviy suhbat emas, balki biznes uchrashuviga o‘xshaydi. Bu esa ko‘plab oilalarda normal muloqot umuman shakllanmaganini ko‘rsatadi.

Keyingi avlod tashabbusni qo‘lga olmoqda

UBS ma’lumotlariga ko‘ra, zamonaviy merosxo‘rlar tobora faollashmoqda. Aktivlarni o‘tkazish jarayonini o‘zi boshlaydigan yoshlar ulushi 13 foizdan 22 foizgacha oshgan. Ular faqatgina tayyor pulni qabul qiluvchi bo‘lishni istamaydi — aksincha, «boshqaruvchi» bo‘lishni va oilaviy strategiyani shakllantirishda so‘zga ega bo‘lishni xohlaydi.

Nega bu muhim?

CEOWORLD tadqiqotiga ko‘ra, oilaviy boylikning taxminan 70 foizi ikkinchi avlodgacha, 90 foizi esa uchinchi avlodgacha yo‘qoladi. Buning asosiy sababi noto‘g‘ri investitsiyalar emas, balki ichki kelishmovchiliklar va umumiy qarashning yo‘qligidir.

UBS tadqiqoti haqida

UBSning «Global Next Generation Report 2026» tadqiqotida dunyodagi eng boy insonlar avlodlariga mansub 170 nafardan ortiq ishtirokchi — bolalar, nevaralar va chevaralar so‘rovdan o‘tkazilgan.

Teglar

Mavzuga oid

83 trln dollarlik meros: Dunyo tarixdagi eng yirik boylik uzatilishiga tayyorlanmoqda | Vaqt.uz