add

9 ta tashkilotning tuman (shahar) bo‘linmalari hokimlik tuzilmasiga o‘tkaziladi

Prezidentining tegishli farmoni bilan bir qancha vazirliklar va tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘linmalari hokimlik tuzilmasiga o‘tkazilmoqda.

9 ta tashkilotning tuman (shahar) bo‘linmalari hokimlik tuzilmasiga o‘tkaziladi

Joriy yilning 21 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-186-sonli farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktyabrdagi PQ-298-son qarorida belgilangan «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomidagi 33 ta tumanlarda hamda Surxondaryo viloyatining qolgan barcha tuman (shahar)larida quyidagi 9 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linmalari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasiga o‘tkaziladi:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi;

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi;

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi;

Madaniyat vazirligi;

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi;

Yoshlar ishlari agentligi.

Shuningdek, mazkur farmonga muvofiq tajriba-sinov tatbiq etilayotgan tuman (shahar) hokimlari va ularning o‘rinbosarlari samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlariga (KPI) to‘liq erishsa, kelgusi yil uchun hududga «drayver» loyihalar infratuzilmasini yaratish uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori 15 foizga oshiriladi. Agarda samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlariga (KPI) erishilmasa, kelgusi yil uchun tegishli hududga «drayver» loyihalar infratuzilmasini yaratish uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori kamaytiriladi hamda tuman (shahar) hokimlari va ularning o‘rinbosarlari lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqiladi.

Teglar

Mavzuga oid