add

9 yilda 40 barobarlik o‘sish: Xitoyning O‘zbekistondagi ulkan sarmoyalari qayerga sarflandi?

Yevroosiyo taraqqiyot bankining yangi hisobotiga ko‘ra, so‘nggi 9 yil ichida Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalari hajmi 40 barobarga ko‘payib, 10 milliard dollardan oshib ketgan.

9 yilda 40 barobarlik o‘sish: Xitoyning O‘zbekistondagi ulkan sarmoyalari qayerga sarflandi?

2016 yildan beri Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 40 barobarga oshib, 2025 yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra 10,7 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot banki tayyorlagan tahliliy hisobotda ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, 2016 yilda Xitoy sarmoyalari 284 million dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda energetika, neft-kimyo va qayta ishlash sanoatida yirik loyihalar hisobiga keskin o‘sish qayd etildi. Ayni paytda O‘zbekiston Xitoy investitsiyalarini jalb qilish hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘ringa chiqqan.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan 10,7 milliard dollarlik sarmoyaning eng katta qismi energetika sohasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur yo‘nalishga 5,5 milliard dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, qayta ishlash sanoatiga 3,3 milliard dollar ajratilgan. Qolgan mablag‘lar neft-gaz infratuzilmasi va sanoat loyihalariga yo‘naltirilgan.

2024 yil hamda 2025 yilning birinchi yarmi davomida Xitoy kompaniyalari O‘zbekistondagi ishtirokini yanada kuchaytirdi. Eng yirik loyiha sifatida Sinopec va Saneg tomonidan Buxoro viloyatida barpo etilayotgan, qiymati 3,3 milliard dollarga baholangan olefin ishlab chiqarish majmuasi qayd etildi. Ushbu korxonani kelgusi yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

«Yashil» energetika sohasida ham Xitoy kapitali faol jalb etilmoqda. Sany Renewable Energy Qoraqalpog‘istonda qiymati 1,2 milliard dollar bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishini amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, China Southern Power Grid Buxoro viloyatidagi ACWA Power’ga tegishli «Bash Wind» va «Dzhankeldy» shamol energetikasi loyihalari kapitaliga kirib, har bir loyihaning 35 foiz ulushini sotib olgan. Birinchi bosqichda bu loyihalarga 230–240 million dollar sarmoya kiritilgan.

Gaz sohasida esa Daxon Holdings kompaniyasi ishtirokidagi «Gazli Gas Storage» loyihasi alohida ahamiyat kasb etadi. Kompaniya 2024 yil fevral oyida ushbu loyihaning 60 foiz ulushini xarid qilgan bo‘lib, 2025 yil oxirigacha 50–55 million dollar investitsiya kiritish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid