
9,2 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi bir qator hududlarda davlat xaridlarida jiddiy qonunbuzilish holatlarini fosh etdi.

Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar davomida davlat xaridlarida jami 9,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Tekshiruvlar savdolarda raqobatni cheklovchi harakatlar mavjud bo‘lgan holatlarni qamrab olgan.
Eng yirik qonunbuzilishlar Qashqadaryo, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent viloyatida qayd etildi. Jumladan, Qashqadaryo viloyatida G‘uzor tuman obodonlashtirish boshqarmasida 1,2 mlrd so‘m, «Shahrisabz tuman yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasida esa 491 mln so‘mlik xaridlar qonun talablariga zid tarzda amalga oshirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Nukus shahridagi «Muruvvat» ayollar internat uyida 893 mln so‘m, «O‘zdaverloyiha» institutining hududiy bo‘linmasida esa 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi.
Shuningdek, Shumanoy tumani obodonlashtirish boshqarmasi xaridlarida ham qoidabuzarliklar qayd etilgan.
Surxondaryo viloyatida Angor tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida qariyb 1,8 mlrd so‘m, Sud-tibbiy ekspertiza markazi filialida 120 mln so‘m, Termiz tuman MTBda 50 mln so‘mlik xaridlar qonun talablariga zid deb topildi. Xorazm viloyatida esa Xiva ixtisoslashtirilgan internat uyida 1,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlangan.
Toshkent viloyatida «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilgan uchta xarid jarayonida jami 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar bilan bog‘liq qoidabuzarliklar kuzatilgan.
Tekshiruvlar natijasida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilgani aniqlanib, buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan tegishli ishlar qo‘zg‘atildi. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligi uchun majburiy ko‘rsatmalar berildi.





