add

Abdulaziz Komilov: «Mana sizga ko‘p vektorli siyosatining natijasi»

25.10.2025 | 14:5511942

Prezident maslahatchisi Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan Kengaytirilgan sheriklik bitimini O‘zbekistonning ko‘p vektorli tashqi siyosatining amaliy natijasi sifatida baholadi va uning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Abdulaziz Komilov: «Mana sizga ko‘p vektorli siyosatining natijasi»

O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Abdulaziz Komilov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim mamlakatning ko‘p vektorli siyosatining yorqin natijasi ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, mazkur kelishuv nafaqat tashqi siyosiy muvozanatni, balki O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy va gumanitar imkoniyatlarni ochib bermoqda.

«bugungi voqeani baholamoqchi bo‘lsak, avvalambor, biz mana shu geosiyosat nuqtai nazardan qarashimiz kerak. Bu bitta-ikkita davlat emas, bu Yevropa Ittifoqi, butun Yevropa. Juda katta salohiyatga ega, juda katta imkoniyatga ega. Ichki yalpi mahsulotining hajmi 20 trillion dollarga yetadi. Ya’ni, ya’ni, bu yerda juda katta imkoniyatlar bor biz uchun», — dedi Komilov.

Prezident maslahatchisi bitimning ahamiyatini izohlar ekan, uning asosiy foydasi iqtisodiy va texnologiya sohasida bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, u xavfsizlik va gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni muhim deb baholadi: «Bugun minglab o‘zbek talabalari Yevropaning nufuzli universitetlarida ta’lim olmoqda. Bu juda yaxshi deganida, shunday ta’lim olgandan keyin vatanga qaytib, xizmat qilishadi, ko‘p narsani o‘rganishadi. Ayniqsa mana shu zamonaviy kasblarni o‘rganishadi» — dedi u.

Kamilov Yevropa ishbilarmonlari va sarmoyadorlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ham qayd etdi. bugungi bo‘lgan uchrashuvlarda prezidentimiz bilan uchrashuvda ko‘p va’da berishdi va hattoki bugun tadbirkorlar bilan uchrashganimizda prezidentimizga ochiqdan-ochiq aytishdi: «Oldin siz bizni jalb qilishga harakat qilardingiz, endi kim oldinroq Toshkentga boradi, kim oldinroq mana shu sarmoyani kiritishga harakat qiladi, deya o‘zaro musobaqa boshlanyapti», — deydi Komilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p vektorli siyosat nafaqat tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilmoqda, balki mamlakat xavfsizligi va barqaror rivojlanishining mustahkam poydevorini yaratib bermoqda. «Ba’zilar bu siyosatni tanqid qilgan edilar, Mana sizga ko‘p vektorli siyosatining natijasi, to‘g‘rimi? Albatta, mana shunaqa hamkorlikda ikki tomonlama manfaat bo‘lishi kerak. Hozir hech kim o‘zidan-o‘zi sizlarga sarmoya olib kelib beray deb iltimos qilib o‘tirmaydi», — dedi u.

Siyosatchi Yevropaning mintaqadagi manfaatlariga ham to‘xtalib, Markaziy Osiyoda Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi raqobat kuchayganini ta’kidladi.

«Shu nuqtai nazardan Yevropa Ittifoqining ham o‘ziga yarasha manfaatlari bor. Lekin mana shu mintaqada bular O‘zbekistonga ayniqsa qandaydir bir boshqacha siyosatini o‘zini yaqin tutib va, avvalambor, bizning prezidentimizga katta chuqur ishonch bildirib, islohotlarni ko‘rib, havas qilib va islohotlarni amalga oshirilayotganini inobatga olib, o‘zlarining sarmoyalarini olib kelib, ikki tomonlama foyda ko‘rishmoqchi», — deya xulosa qildi prezident maslahatchisi.

Teglar

Mavzuga oid