
Abdulaziz Oqqulov turizm qo‘mitasiga qaytdi
U 2022 yil aprelidan buyon O‘zbekistonning BAAdagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida faoliyat yuritayotgandi.

Abdulaziz O‘rolboyevich Oqqulov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Shuningdek, Umid Rustamovich Shodiyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan mazkur qo‘mita raisi lavozimidan ozod etilgan.
Abdulaziz Oqqulov 1985 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 2006–2017 yillarda «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasida turli lavozimlarda ishlagan.
2017–2018 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i, 2018 yilda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, 2018–2020 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi, 2020–2022 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari (keyinroq Turizm va sport vaziri o‘rinbosari) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2022 yil aprelident buyon O‘zbekistonning BAAdagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlayotgandi.





