
Abdulloh domlaning ma’ruzasiga 6 yil oldin "klass" bosgan yigit qamaldi
23.09.2025 | 19:0027787
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri esa Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham taqiqlangan materiallarni bilmasdan tarqatganini yozmoqda.

2019 yil «Odnoklassniki.ru» messenjerida Abdug‘ani Umarov (Abdulloh domla)ning «Jannatga oshiqlar» nomli ma’ruzasiga layk bosgan yigit 2025 yil qamaldi. Bu haqda Surxondaryo viloyati sudlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, sudlanuvchi U. A. o‘zining «Redmi Note 13» rusumli telefon apparatiga o‘rnatilgan Odnoklassniki.ru messenjeriga ochilgan akkauntidagi «Klass bosilganlar» bo‘limida 2019 yilda Abdug‘ani Umarov (Abdulloh domla)ning «Jannatga oshiqlar» nomli aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzasiga «klass» bosish orqali virtual do‘stlariga tarqatgan. Bu bilan u amaldagi Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismining «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil 1 iyuldagi hukmiga ko‘ra, U. A. Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismining «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, shu modda bilan unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
«Sudlanuvchi U. Almardanov tomonidan sodir etilgan mazkur jinoyat og‘ir turga mansubligi tufayli unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo tayinlangan. Shunday bo‘lsada jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi tatbiq etilib, modda sanksiyasidan kamroq jazo muddati tayinlangan». - deyiladi xabarda.
Advokat Behzodbek G‘aniyevga ko‘ra, U.A.ning taqiqlangan ma’ruzaga «klass» bosishi materialni tarqatish deb baholangan taqdirda ham faol tarqatish hisoblanmaydi, chunki u o‘sha ma’ruzani targ‘ib qilmagan, uning mazmunini sharhlamagan, odamlarni unga da’vat qilmagan.
«Ya’ni, U.A. ning ushbu passiv tarqatishdan iborat harakatidan jamoat xavfsizligiga real tahdid yo‘q (6 yil mobaynida shunday oqibat kelib chiqmagan ham). Shuningdek, U.A.ning qilmishi formal jihatdan jinoyat hisoblansada, qilmish 2019 yilda yuz bergan va U.A. oradan o‘tgan 6 yil davomida shunga o‘xshash boshqa nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir qilmagan. Shaxsiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, muqaddam sudlanmagan, oilali, bir nafar farzandning otasi. Bizningcha, sudlar ushbularni inobatga olib, U.A.ga OMQ bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlasalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi...», - deya yozgan advokat.
Bektosh Khatamov nomli blog egasi esa Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham o‘zi bilmagan holda taqiqlangan materiallar tarqatganini yozmoqda.
«Din ishlari qo‘mitasi taqiqlangan instagram sahifalarni havolasi bilan tarqatib yuboribdi. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ekstremizm va terrozmga g‘oyalaoi bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan, respublika hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yg‘atini e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi din ishlari bo‘yicha qo‘mita taqiqlangan saytlar, sahifalarning ro‘yxati bor ilovani o‘z rasmiy sahifasida joyladi. Shu linkka kirsangiz va instagram sahifalarini qarab chiqsangiz, ko‘pchilik sahifalarni ustiga bosganda sahifaga o‘tib ketyapti, ya’ni sahifalar ilovasi bilan tarqatilgan. Bundan chiqdi qo‘mitaning o‘zi bu materiallarni tarqatyaptimi yoki bu tarqatishga kirmaydimi? Har holda bilib qo‘ygan yaxshida butun O‘zbekiston javobgar bo‘lib qolmasa kerak-ku, yana bilib bo‘ladimi?», - deya yozgan u.





