
Abdurahmon Tashanov: «Amaldorning shilqimligi maydagina bezorilik, kambag‘alniki — jinoyat»
16.09.2025 | 21:204654
Huquq himoyachisi Sirdaryoda amaldorning tadbirkor ayolga qilgan tazyiqlari mayda bezorilik, deya baholanganidan g‘azablandi.

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida Davlat soliq inspeksiyasi rahbari A.Begmatov ishdan bo‘shatildi. Bu haqda huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebookʼdagi sahifasida ma’lum qildi.
Ma’muriy ish materiallariga ko‘ra, amaldor eri musofirda bo‘lgan tadbirkor ayolga shilqimona SMS xabarlar yozib, bir necha oy davomida bezovta qilib kelgan.
Xabar qilinishicha, erkak ayolga faqat xat yozibgina qolmay, balki uning do‘koniga bir necha marta soliq nazoratchilarini ham yuborgan. U ayolning ahvolidan xavotirda ekanligini aytib, kechqurun «choy ichish» bahonasida uchrashishni taklif etgan. Qo‘rquvga tushgan tadbirkor ayol bir necha kun davomida do‘koniga bormay, uyida o‘tirgan.
Xabarga ilova qilingan hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi xizmat tekshiruvi o‘tkazib, inspeksiya rahbarini ishdan bo‘shatgan. Ish bo‘yicha to‘plangan materiallar prokuraturaga yuborilgan.
Huquq himoyachisini g‘azablantirgani esa prokuror mayda bezorilik bilan ish ochgani bo‘lgan.
«Ammo bu mayda bezorilik va milliy zehniyat, o‘zbekchilik tufayli bir oila buzilishi, yetimlar statistikasi yuksalishi mumkin edi. Bu o‘rinda sms xabarlarini oshkor qilish, oilani yana-da murakkab ahvolga solishni istamayman, ammo nega prokuratura ko‘rinib turgan mansabni suiiste’mol qilishni yashirmoqda», — deya yozdi Tashanov.Huquqbonning ta’kidlashicha, tadbirkor «yerdan chiqqan qo‘ziqorin emas, soliqboshining zirhli amali bo‘lmasa, bunday shilqimlarga qanday javob berishni o‘zi biladi».
«Biroq bu yerda sub’ektiv jihatdan davlat hokimiyatining kuchi bor, ehtimol shuning uchun ham prokuraturaning tili qisiqdir. Ammo prokurorlar bir bechora birovga olaqarasa, prokurorning sherga aylanishini bilasiz», — deya qo‘shimcha qildi u.





