
Abituriyentlarning 41,29 foizi 56,7 bal ham to‘play olmagan
05.09.2025 | 13:3037603
2025 yilgi kirish imtihonlarida natijalar yaxshilangan bo‘lsa-da, minglab abituriyentlar belgilangan minimal balldan o‘ta olmadi.

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlarida 614 ming 768 nafar abituriyent ishtirok etdi. Ulardan 253 ming 844 nafari, ya’ni 41,29 foizi minimal hisoblangan 56,7 ballni ham to‘play olmadi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagidan 6 foizga yaxshiroq bo‘lib, o‘tgan yili shunday abituriyentlar ulushi 46,9 foizni tashkil etgandi.
Testlarda ishtirok etganlarning qolgan qismi — 360 ming 924 nafar abituriyent 56,7 balldan yuqori natija qayd etdi. Hududlar kesimida eng past ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilgan — bu yerda abituriyentlarning 47,6 foizi o‘tish balini yig‘olmadi.
Eng yaxshi natijalar esa Toshkent shahri va Buxoro viloyatida qayd etildi: bu hududlarda faqat 31,4 foiz abituriyent minimal balldan past ko‘rsatkich qayd etdi.
Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Sirdaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari eng katta o‘sishga erishdi. Masalan, Qoraqalpog‘istonda natijalar 9 foizga yaxshilandi. Birorta hududda ko‘rsatkich yomonlashmagani ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi tartibga ko‘ra, minimal o‘tish balidan kam natija ko‘rsatganlar ham super kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga ega. Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kirish imkoniyatini kengaytirish maqsadida boshqa oliygohlarda bo‘sh qolgan yo‘nalishlarga ham abituriyentlarni kontrakt asosida qabul qilish mumkinligi belgilandi.





