add

Abu Dabidagi muzokaralar: hozircha nimalar ma’lum?

25.01.2026 | 08:282 daqiqa

Ukraina prezidenti Abu Dabida o‘tgan uch tomonlama muzokaralarda asosiy qanday masalalar muhokama qilinganini ochiqladi, ammo barcha detallar ochiqlanmadi.

Abu Dabidagi muzokaralar: hozircha nimalar ma’lum?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasida Abu Dabida o‘tgan ikki kunlik uch tomonlama muzokaralarni konstruktiv deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu format uzoq tanaffusdan keyin ilk bor ikki kun davom etgan muzokaralar bo‘ldi.

«Delegatsiyamizdan hisobot bo‘ldi: Amirliklardagi uchrashuvlar yakunlandi. Bu ancha vaqtdan beri ilk bor bo‘layotgan ikki kunlik uch tomonlama format. Ko‘p masalalarni muhokama qilishga ulgurdik va eng muhimi — muloqot konstruktiv bo‘ldi», — deb yozdi Zelenskiy.

Prezidentning ta’kidlashicha, muzokaralarda asosiy e’tibor urushni yakunlashning ehtimoliy parametrlariga qaratilgan. Ushbu masalada tomonlar ilk bor batafsil muloqot qilgan.

Zelenskiy AQSHning rolini alohida qayd etib, urushni tugatish jarayonida monitoring va xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha nazorat mexanizmi muhim ekanini ta’kidladi.

Birlashgan Arab Amirliklarining tashqi siyosat idorasi ham Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlashga sodiq ekanini bildirdi.

«Ushbu muzokaralarning BAAda o‘tkazilishi ularning muloqot va eskalatsiyadan qochishga bo‘lgan izchil yondashuvini aks ettiradi. Avval o‘tgan bir necha bosqichli Rossiya-Ukraina muzokaralari harbiy asirlarni almashish bo‘yicha 17 ta muvaffaqiyatli operatsiyalar bilan yakunlangan. BAA bu diplomatiyaga aniq ishonch bilan yondashadi: mojarolarni muloqotsiz hal qilib bo‘lmaydi, ilgarilashga esa doimiy o‘zaro harakat bilan erishiladi. Biz bundan keyin ham barcha krizisli vaziyatlarda tinchlik o‘rnatilishiga qaratilgan barcha xatti-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — deya bayonot bergan BAA Tashqi ishlar vazirligi.

 

Keyingi bosqichlar

Ukraina prezidentiga ko‘ra, Amerika tomoni urushni yakunlash shartlarini huquqiy va siyosiy jihatdan mustahkamlash mumkin bo‘lgan formatlarni muhokamaga qo‘ygan. Bu esa tomonlar orasida muayyan ishonch shakllana boshlaganini ko‘rsatadi.

Muzokaralar yakunida barcha delegatsiyalar o‘z poytaxtlariga hisobot berish va davlat rahbarlari bilan keyingi qadamlarni muvofiqlashtirishga kelishib olgan. Shuningdek, harbiylar darajasida navbatdagi uchrashuv uchun masalalar ro‘yxati shakllantirilgan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina keyingi bosqichga tayyor ekanini ochiq bildirgan.

 

Navbatdagi uchrashuv ehtimoli

«Agar harakatni davom ettirishga tayyorlik bo‘lsa — Ukraina tayyor — navbatdagi uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ehtimol, bu kelgusi haftada bo‘lishi ham mumkin», — dedi Ukraina rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Abu Dabidagi ikki kunlik uch tomonlama muzokaralar 24-yanvar kuni yopiq rejimda yakunlangan. Ilk raunddan so‘ng, 23-yanvar kuni Oq uyning yuqori lavozimli vakili uchrashuvni samarali deb baholagandi.

Teglar

Mavzuga oid