
ACWA Power Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi uchun $280 mln mablag‘ jalb qildi
22.06.2025 | 15:3145324
Saudiyalik ACWA Power kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 MW quvvatdagi shamol elektr stansiyasi va 100 MW energiya saqlash tizimini qurish uchun $280 mln qarz mablag‘i jalb etdi.

Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «Nukus-2» shamol elektr stansiyasi qurilishi uchun $280 mln miqdorida kredit mablag‘i jalb qilganini ma’lum qildi. Kompaniyaning bildirishicha, loyiha Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida taniqli xalqaro moliya institutlari ko‘magida ilgari surilgan.
Loyihani qo‘llab-quvvatlovchi banklar orasida Osiyo taraqqiyot banki, Saudi Exim Bank, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Niderlandiyaning FMO banki va Standard Chartered Bank kabi yirik tuzilmalar bor. Ular bilan hamkorlikda hujjat imzolandi va moliyaviy ko‘mak to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
«Nukus-2» loyihasi doirasida 200 MW quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 100 MW energiya saqlash tizimi qurilishi rejalashtirilgan. Bu orqali qayta tiklanuvchi manbalar hissasini oshirish va elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bundan avval, 2024 yil 28 mart kuni ACWA Power va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ko‘magida umumiy qiymati $262,65 mln bo‘lgan DXSH asosida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi.
Shu hafta Buxoro viloyati hokimligi ACWA Power tomonidan G‘ijduvon tumanida 650 mln dollarlik shamol stansiyasi ishga tushirilganini ma’lum qildi. Bu loyiha yiliga 1,8 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi va 500 mln metr kub tabiiy gaz tejalishiga xizmat qiladi.
ACWA Power O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirish niyatida. Kompaniya hozirda hukumat bilan yana $5 mlrdlik yangi kelishuv ustida ish olib bormoqda. Umumiy investitsiya portfeli 15 milliard dollarga yetgan bo‘lib, jami 19 ta energetika loyihasini qamrab olgan.





