add

«Adolatli Qozog‘iston» doktrinasi: mamlakatda rus tilining maqomi «tushirilyapti»

Bugun 17:202 daqiqa

Qozog‘iston konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritiladi: rus tili endi qozoq tili bilan «teng» hisoblanmaydi.

«Adolatli Qozog‘iston» doktrinasi: mamlakatda rus tilining maqomi «tushirilyapti»

Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi loyihasida rus tilining maqomiga doir ibora o‘zgartiriladi. Loyihaning 9-moddasida «teng» so‘zi «bilan bir qatorda» iborasi bilan almashtiriladi. Gap davlat organlari hamda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tillarning qo‘llanilishini tavsiflovchi norma haqida bormoqda.

Ushbu tuzatish haqida Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Baqit Nurmuxanov ma’lum qildi.

Rasmiy izohlar va huquqiy talqin

Amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra, Qozog‘istonda yagona davlat tili — qozoq tili bo‘lib, rus tili u bilan rasman teng darajada qo‘llaniladi. Yangi loyihada rus tilining nomi saqlab qolingan, biroq jumla tuzilishi o‘zgargan. Nurmuxanovning ta’kidlashicha, endi hujjatda rus tili qozoq tili bilan birga, «teng» so‘zisiz ishlatilishi belgilanmoqda.

Rasmiy ushbu normaning mazmuni o‘zgarmasligini alohida qayd etgan. Qozoq tili yagona davlat tili, rus tili esa davlat organlarining amaliy ish faoliyatida rasmiy til bo‘lib qoladi.

Shunga qaramay, aynan birgina so‘zning almashtirilishi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Siyosiy islohotlar

Yangi Konstitutsiya loyihasi 31-yanvar kuni e’lon qilindi. Mazkur hujjat parlamentda «davlat arxitekturasini qayta ko‘rib chiqish» deb atalayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida tayyorlangan. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning 2025 yil sentabr oyida ilgari surgan tashabbusi bu o‘zgarishlar uchun asos bo‘lib xizmat qildi. U hokimiyat modelini o‘zgartirish va vakillik institutlari rolini kuchaytirishni taklif etgan edi.

Hokimiyat islohotlari 2022 yil yanvaridagi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ular Janao‘zenda suyultirilgan gaz narxi oshishi ortidan boshlanib, tez fursatda yirik shaharlarga yoyilgan edi. Ushbu voqealardan so‘ng To‘qayev «kuchli prezident, nufuzli parlament va hisobdor hukumat» tamoyili asosida «Adolatli Qozog‘iston»ni barpo etish yo‘lini e’lon qildi.

OAV va tanqidchilar pozitsiyasi

Rossiya ommaviy axborot vositalari Konstitutsiyadagi ushbu tuzatishga turlicha munosabat bildirdi. TASS davlat agentligi rus tili rasmiy maqomini saqlab qolayotganiga e’bor qaratgan bo‘lsa, «Moskovskiy komsomolets» nashri rus tili maqomining «yashirincha pasaytirilishi» haqida yozib, bu o‘zgarishni fundamental deb atadi.

Qozog‘iston rasmiylari bu borada gap faqat huquqiy aniqlik haqida ketayotganini ta’kidlamoqda. Tanqidchilarning fikricha esa, Konstitutsiyadagi kichik tuzatish ham mamlakat til siyosatining bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqilishidan dalolat berishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid