Logo

Afg‘oniston tadbirkorlari uchun O‘zbekiston aviaqatnovlari orqali «yashil yo‘lak» ochilishi mumkin

Bugun 21:552 daqiqa

Surxondaryo viloyati hokimining aytishicha, Afg‘onistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonning amaldagi xalqaro aviaqatnovlaridan foydalanish imkonini beruvchi «yashil yo‘lak» yaratishni so‘ramoqda.

Afg‘oniston tadbirkorlari uchun O‘zbekiston aviaqatnovlari orqali «yashil yo‘lak» ochilishi mumkin © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni Transafg‘on temir yo‘li logistika tizimidagi muammolar va ularning yechimlarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya yozmoqda Gazeta.uz.

Qosimovga ko‘ra, yig‘ilishda chegaraoldi logistikasini rivojlantirish, imtiyozlar taqdim etish va logistika markazi uchun yer ajratishni nazarda tutuvchi yangi qaror loyihasi muhokama qilingan.

«Afg‘oniston bilan chegaramizda bor-yo‘g‘i 4 ta yo‘lak bor edi — ularning soni 12 taga yetkazildi. O‘tkazuvchanlik quvvati 350−400 ta yuk mashinasini tashkil etgan bo‘lsa, endi u 1000−1200 taga oshirildi. Vagon tashish bo‘yicha ko‘rsatkich kuniga 250 tadan deyarli 500 tagacha o‘sdi», — degan Ulug‘bek Qosimov.


Shuningdek, u daryo porti orqali yuk tashish hajmi ortganini aytdi. Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili daryo porti orqali 250 ming tonnadan ortiq yuk tashilgan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 220 ming tonnani tashkil etgan.

Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, logistika xizmatlariga talab ham xorijiy investorlar, ham mahalliy tadbirkorlar tomonidan ortib bormoqda.

«Aynan shu qaror bilan bir qator imtiyozlar berilmoqda, yer ajratilmoqda. Markazni tashkil etish uchun aynan chegaraoldi hududidan 50 gektar yer ajratilyapti. Shuningdek, biz afg‘on tadbirkorlari va o‘zimizning logistika kompaniyalari talablari bo‘yicha iltimosnomalar kiritdik va ular to‘liq qanoatlantirildi», — dedi u.

Ulug‘bek Qosimov afg‘onistonlik tadbirkorlar o‘zlari uchun «yashil yo‘lak» yaratishni so‘rayotganini ma’lum qildi.

«Bu nima degani? Bu bizning amaldagi xalqaro aviaqatnovlarimizdan foydalanish huquqi demakdir. Bunga rozilik berildi, hozir komissiya tuziladi», — dedi u.


Hokimning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi masala Afg‘onistondan mahsulotlarni reeksport qilish bilan bog‘liq bo‘ldi.

«Bilasiz, Afg‘onistonda juda ko‘p mahsulot, organik mahsulotlar yetishtiriladi. Biz ularni sotishda yuzaga keladigan muammolar yuzasidan takliflar kiritdik. Ular ham to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, komissiya tuziladi», — deb qayd etdi Ulug‘bek Qosimov.

«Muhtaram prezidentimiz yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilib berdilar. Tadbirkorlar uchun juda katta qulayliklar yaratildi. O‘ylaymanki, bu qaror qiziqishni yanada oshiradi», — deya qo‘shimcha qildi Surxondaryo viloyati hokimi.

Teglar

Mavzuga oid