
Afg‘onistonda xorijlik investorlarga doimiy yashash huquqi berilishi mumkin
Mamlakat hukumati xorijlik tadbirkorlar uchun sarmoya evaziga doimiy yashash ruxsatnomasini joriy etishga qaror qildi.

Afg‘oniston Iqtisodiy komissiyasi xorijiy investorlarga mamlakatga kiritilgan sarmoya evaziga yashash huquqini berish tashabbusini ko‘rib chiqdi.
Komissiya yig‘ilishidagi muhokamalardan so‘ng ushbu tashabbus ma’qullangan va ijro uchun mas’ul qo‘mitaga yo‘naltirilgan.
Qayd etilishicha, xorijliklarga kiritilgan sarmoya miqdoriga qarab, 1 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga yashash ruxsatnomasi berish ko‘zda tutilmoqda.
Hozircha dastur qachon ishga tushirilishi nomalum.
Uzoq muddatli yashash huquqining taklif etilishi Kobul uchun xalqaro yakkalanishni yumshatish hamda mamlakatdagi hozirgi murakkab sharoitda ishlashga tayyor bo‘lgan biznes vakillarini jalb qilishning sanoqli samarali vositalaridan biri bo‘lishi mumkin.
AQSH 2002 yildan 2025 yilgacha Afg‘onistonni qayta tiklash uchun 148,2 milliard dollar mablag‘ ajratgan, biroq bu missiya muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan.





