add

Afg‘onistondan Tojikiston hududiga uyushtirilgan hujumda uch nafar xitoylik halok bo‘ldi

Bugun 20:586282 Daqiqa

Hujum o‘qotar qurollar va granatalar bilan jihozlangan dron yordamida amalga oshirilgan.

Afg‘onistondan Tojikiston hududiga uyushtirilgan hujumda uch nafar xitoylik halok bo‘ldi

Afg‘oniston hududidan Tojikiston janubiga uyushtirilgan qurolli hujum oqibatida uch nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘ldi. Hujum o‘qotar qurollar va granatalar bilan jihozlangan dron yordamida amalga oshirilgan. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26-noyabr kuni kechasi Afg‘oniston tomonidan chegarada joylashgan Xatlon viloyatining Shamsiddin Shohin tumani «Yo‘l» chegara otryadining «Istiqlol» 1-chegara posti hududida joylashgan «Shoxin SM» korxonasi xodimlari bazasiga qurolli hujum uyushtirilgan.

Hujum oqibatida kompaniyaning uch nafar xodimi — Xitoy fuqarolari halok bo‘lgan. Vazirlikning aniqlashtirishicha, hujum o‘qotar qurol va granatalar bilan jihozlangan uchuvchisiz uchish apparati yordamida amalga oshirilgan.

Bayonotga ko‘ra, Tojikiston tomonining Tojikiston va Afg‘oniston chegaraoldi hududlarida xavfsizlikni ta’minlash va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhitini yaratish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlariga qaramay, ushbu mamlakat hududida joylashgan jinoiy guruhlarning chegaraoldi vaziyatni buzishga qaratilgan harakatlari davom etmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston hududiga qilingan hujum va uch nafar Xitoy fuqarosining halok bo‘lishini qattiq qoraladi. Tojikiston hukumati Afg‘onistonning amaldagi hukumatini chegarada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun «samarali choralar ko‘rish»ga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 18-noyabr kuni Xatlon viloyatining Shamsiddin Shohin tumanidagi Zarbuz darasida afg‘on kuchlarining hujumi oqibatida bir nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan va besh nafari jarohat olgan edi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining 19-noyabrdagi bayonotida aytilishicha, hujum Xitoyning xususiy kompaniyasi xodimlari ishlaydigan joyda sodir bo‘lgan.

Pekin sodir bo‘lgan voqeani keskin qoralab, uni «shafqatsiz hujum» deb baholadi hamda tojik-afg‘on chegarasida ishlaydigan xitoylik fuqarolarni xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Afg‘onistondan Tojikiston hududiga uyushtirilgan hujumda uch nafar xitoylik halok bo‘ldi | Vaqt.uz