
Agalarov Development Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasiga 5 mlrd dollarlik sarmoya kiritadi
12.06.2025 | 13:086943
Taniqli xonanda Emin Agalarovga aloqador Agalarov Development kompaniyasi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq ko‘li bo‘yida quriladigan Sea Breeze Uzbekistan kurort shaharchasiga 5 mlrd dollar sarmoya kiritadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.

Loyiha IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 11 iyun kuni imzolandi. Kurort yil bo‘yi faoliyat yurituvchi turizm markazi bo‘lib, xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb etishi kutilmoqda. U 577 gektar maydonda quriladi, shundan 100 gektari dastlabki bosqichda o‘zlashtiriladi.
Sea Breeze Uzbekistan mamlakat tarixidagi eng yirik xususiy turistik investitsiya loyihasi sifatida qayd etilmoqda. Hukumat ushbu tashabbus orqali minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishini va mintaqaga turistlar oqimi ortishini kutmoqda.
Loyiha ilk bor 2023 yil dekabrda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan, so‘ngra 2024 yil aprelda yana muhokama qilingan. Avvalroq loyiha qiymati 10 mlrd dollar deb baholangandi, ammo rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi bosqichda 5 mlrd dollarlik sarmoya nazarda tutilmoqda.
Emin Agalarov Sea Breeze konsepsiyasini Ozarboyjondan so‘ng boshqa MDH mamlakatlarida ham amalga oshirish niyatida ekanini bildirgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi dastlabki inshootlar 1,5–2 yilda foydalanishga topshirilishi mumkin.
Ekspertlar loyihaning muvaffaqiyati infratuzilma, xususan, transport va logistika imkoniyatlariga bevosita bog‘liqligini ta’kidlamoqda.





