
Agrar universitetda o‘qish muddati qisqarib, amaliyot ko‘paytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, ilm-fanni ishlab chiqarish bilan birlashtirish va yuz minglab gektar yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha strategik rejalarni tasdiqladi.

So‘nggi besh yil ichida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari natijasida 826,5 ming gektar yer foydalanishga kiritilgan bo‘lsa, 2030 yilgacha yana 938 ming gektar yaylovni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 2026-2027 yillarda 620 ming gektar yaylov tiklanishi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 9-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan taqdimotda aytildi.
Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi
Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish uchun amaldagi institutsional infratuzilmani o‘zgartirish vaqti kelgan. Shu maqsadda sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya hamda 2,5 mingdan ortiq olim va ilmiy xodimlarni yagona tuzilma – Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga birlashtirilishi belgilangan.
Ta’lim va amaliyotning uzviy bog‘liqligi
Taqdimotda biotexnologiya va molekulyar biologiya, gen injeneriyasi va gibrid urug‘chiligi, «aqlli» qishloq xo‘jaligi, kosmik va dron texnologiyalari, yerlar degradatsiyasi hamda sog‘lom tuproq, organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya, raqamli qishloq xo‘jaligini akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilash taklif etildi.
Akademiya faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Talabalar va fermerlar uchun yangi imtiyozlar
Qishloq xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hozirda Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba tahsil olayotgani, biroq o‘quv jarayonining amaliyot bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli bitiruvchilarning atigi 55 foizi o‘z sohasida ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bog‘laydigan tizim yaratish, mehnat bozori talabiga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi.
Jumladan, kelgusida universitet talabalarining 6,8 ming nafari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar va agroklasterlarda, 2,6 mingdan ziyodi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 22 ta ilmiy-tadqiqot institutida amaliyot o‘taydi.
Shuningdek, fermer hamda uning xodimlari farzandlarining test sinovlarida ballari qabul parametrlariga yetmaganda, miqdori kamaytirilgan to‘lov-kontrakt asosida universitetga qabul qilish, yettita ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish davomiyligini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi. Talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasi va agrodronlardan foydalanishga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Taqdimotda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining faoliyati ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yilda 44 ming gektar samarasiz yerlarda intensiv va sanoatlashgan bog‘ hamda tokzorlar tashkil qilib, 37 ming ish o‘rni yaratildi.
Bu yerlarda tashkil etilgan bog‘ va tokzorlar 2027 yildan hosil berishni boshlab, yiliga 660 million dollar meva-sabzavot eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Masalan, So‘xda 500 gektarda olma, malina va o‘rik, Termiz tumanida 164 gektarda o‘rik va shaftoli, Ohangaron tumanida 309 gektar, Bulung‘urda 550 gektar hamda Quvada 60 gektar yerda uzumning “Avatar” navi, Pop tumanidagi 504 gektarda esa shaftoli va olxo‘ri plantatsiyalari tashkil etildi.
Mazkur ishlarni davom ettirib, 2026 yilda 25,5 ming gektar mevali bog‘lar va 5 ming gektar uzumzorlar tashkil qilib, 48 ming doimiy hamda mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi qayd etildi.
«In-vitro» laboratoriyalari
Har yili mamlakatimizga 60 million dollarlik ko‘chatlar import qilinmoqda. Ushbu ko‘chatlarni Yevropa standartlari asosida o‘zimizda tayyorlash uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada agentlik tomonidan 200 dan ortiq meva turlarining virusdan xoli, yuqori hosilli onalik navlari kolleksiyasi yaratilgan. Ushbu meva turlarini ko‘paytirish va barcha hududlarga yetkazib berish maqsadida Bektemir tumanida 50 gektar, Yuqori Chirchiq tumanida esa 75 gektarlik «in-vitro» laboratoriyalari va onalik ko‘chatxonalaridan iborat majmualar tashkil etilmoqda. Ushbu majmualarni yil yakunigacha ishga tushirib, yillik 27 million dona ko‘chat tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Prezident taqdimotda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.





