
Aholi uchun ajratilgan imtiyozli ko‘mirni sotganlar aniqlandi
Ular kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mirni sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Andijon viloyatida kuz-qish mavsumi uchun ajratilgan imtiyozli ko‘mirni o‘g‘irlab sotish bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, «Ko‘mir ta’minot» MCHJning Paxtaobod tumanidagi ombor ekspeditor-kassiri Sh.T. 35,1 tonna ko‘mirni mahalliy tadbirkorga 35,1 mln so‘mga sotishga kelishgan. U ushbu kelishuvdan 2800 dollar pul olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Omborda o‘tkazilgan xatlovda 196,1 tonna ko‘mir kamomadi ham aniqlangan.
Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda shu korxonaning boshqa mas’ullari 153,6 tonna imtiyozli ko‘mirni yetti nafar fuqaro va tadbirkorga har kilosini 1200 so‘mdan sotish chog‘ida qo‘lga olingan. Bu ombordagi xatlovda esa 183,9 tonna kamomad qayd etilgan.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ayblanuvchilarning noqonuniy faoliyati, ko‘mir tarqatish tizimidagi kamchiliklar va boshqa ehtimoliy ishtirokchilar faoliyati bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, imtiyozli ko‘mirni noqonuniy sotish ayniqsa qish mavsumi arafasida aholi manfaatlari va ijtimoiy ob’ektlar ta’minotiga jiddiy zarar keltiradi. Tergov muassasalari bu kabi holatlarning oldini olish uchun nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistondan ko‘mir sotib olishi haqida xabar berilgan edi.





