add

AI-92 benzin narxlari pasaymagan, aksincha, 9,4 foizga oshgan

11.08.2025 | 18:3011229

AI-92 benzini narxi arzonlashgani xabar qilingan edi. Biroq narxlar o‘tgan yilga nisbatan 9,4 foizga oshgani ma’lum bo‘ldi. Bu Markaziy Osiyodagi eng baland narxlardan biri.

AI-92 benzin narxlari pasaymagan, aksincha, 9,4 foizga oshgan
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi AI-92 markali benzinning ulgurji narxlarini qariyb 2 foizga pasaytirgani haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, «O‘zbekneftegaz» benzinning bir tonnasi narxini 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mga tushirgan. Ammo avvalgi raqamlar buni rad etmoqda.   «Aslida benzin narxi qimmatlashdi» «O‘zbekneftgaz» 2024 yilning 18 oktyabrida AI-92 benzini 11 mln 538 ming so‘mdan sotilishini e’lon qilgan. O‘tgan 9 oy davomida esa birjaga chiqarilayotgan benzin narxi o‘zgargani borasida hech qanday ma’lumot bermagan. Agar 2024 yilgi ma’lumotga tayanadigan bo‘lsak, benzin narxi 11 mln 538 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mgacha oshgan. Aniqrogi, narxlar qariyb 9,4 foizga ko‘tarildi. Uzex «O‘tgan hafta davomida birjada 92 benzin narxlari avvalgi rekordlarni yangilab, tonnasiga 13 mln 66 ming so‘mga chiqqan. Ya’ni oxirgi kunlarda birjada 92 benzin arzonlashish o‘rniga, yangi rekordlarni urayapti», — deb  yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov. 8 avgust kungi savdo yakunlari bo‘yicha 92 benzin narxi tonnasiga 278,5 ming so‘mga qimmatlab 13 mln 314 ming so‘mdan oshgan. Bu mutlaqo yangi rekord, avvalgi rekord esa 2 kun oldin o‘rnatilgan edi. Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» xabarida 1 litr narxi AI-92 benzini 9 ming 400 so‘m bo‘lgani aytiladi. Biroq iqtisodchi Bakirov buning manipulyatsiya ekanligini yozgan. Ta’kidlashicha, 1 tonna 92 benzinni litrga aylantirishda 0,744 koeffitsiyent qo‘llangan, ammo benzin birjada litrlab emas, tonnalab sotiladi. Birjada talab yuqori bo‘lganda narx oshib, o‘rtacha 5 foiz tafovut paydo bo‘ladi. Bu qo‘shimcha foyda ham «O‘zbekneftgaz» cho‘ntagida qoladi. Shuningdek, benzinni baza yoki ombordan AYOQSHgacha olib kelish xarajatlari, har litriga 471 so‘m iste’mol solig‘i qo‘shiladi. AYOQSHlar ham o‘z marjasini qo‘ygandan so‘ng, 92 benzinning chegara narxi eng yaxshi holatda ham 10 ming 600 so‘mga chiqadi, deb yozadi u. Iqtisodchi haq. AYOQSHlarda AI-92 benzini 10700 so‘mdan sotilmoqda. Hattoki ayrim AYOQSHlarda AI-80 benzinining narxi 9000 so‘mga yetgan. AI 92 avgust oyi boshidan beri 4,7 foizga, o‘tgan yilning 4 noyabrdan buyon esa 12,6 foizga qimmatlashgan. Ma’lumot o‘rnida, bu muddat ichida oliy navli neft narxi 22,4 foizga arzonlagan, dollar kursi esa qariyb o‘zgarmagan. «Axborot zamonamizda yolg‘onlar 40 yil, 40 kun tugul, 4 soat yashamaydi. Shuning uchun to‘g‘risini, borini va to‘liq gapirish kerak. O‘zbekistonliklarni «aldagani yosh bola yaxshi» qabilida laqillatishga hech bo‘lmaganda uyalish kerak», — deydi iqtisodchi. Bu «O‘zbekneftegaz» bilan bog‘liq ilk holat emas, gaz qazib olish bilan bog‘liq ma’lumotda ham «so‘z o‘yini» qo‘llanilgan. Avvalroq gaz qazib olish sutkasiga 88 mln kub 76 mln kubgacha tushib ketganiga qaramay, tashkilot «gaz qazib olish ko‘payib, 76 mln kubga yetdi», deya xabar берганиnini eslatadi u.   Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlarida benzin narxi qancha? Global Petrol Prices’ning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab o‘rtacha (AI-95) benzin narxi litriga 16 ming 285 so‘mga to‘g‘ri keladi. Solishtirish uchun: ushbu navdagi benzinning narxi O‘zbekistonda aksariyat AYOQSHlarda litriga 12500 so‘mni tashkil etadi. Qozog‘istonda bir litr benzin narxi hudud va AYOQSHshga qarab o‘zgarib turadi. Masalan, AI-92 benzinining 1 litr narxi 204-217 tanga (4758-5061 so‘m), AI-95 esa 265 tangadan 275 tangagacha (6181 so‘mdan 6414 so‘mgacha)ni tashkil qilmoqda. 4 avgust holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda AI-92 benzinining o‘rtacha narxi 71 som (10200 so‘m) AI-95 benzinining o‘rtacha narxi taxminan 78 som (11300 so‘m) atrofida qayd etilgan. Turkmanistonda esa AI-95 narxi litriga 0,43 AQSH dollari (5451 so‘mni) tashkil qiladi. Tojikistonda AI-92 navli benzin narxi 9,5 somoniy (12925 so‘m), AI-95 benzin narxi 10 somoniy (13606 so‘m) atrofida. Taqqoslash uchun yana bir marta eslatib o‘tamiz: O‘zbekistonda AI 92 benzin litri taxminan 10 ming 500 so‘mdan, AI 95 benzini esa 12 ming 500 so‘mdan sotilmoqda. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid