
Aksiyalar faqat «boylar» uchun emas: istalgan odam aksiyador bo‘lishi mumkin
«Toshkent fond birjasi» raqamli tizimga o‘tgach, istalgan fuqaro telefon yoki kompyuter orqali aksiyalarni sotib olib, real investorga aylanishi mumkin. Qanday qilib?

Ko‘pchilikda hali ham «aksiya nima o‘zi» va «uni qanday sotib olish mumkin?» degan savollar bor. Keling, aksiyalarni sotib olishning bir necha usulini ko‘rib chiqamiz
Avvalo bilib olaylik. Aksiya o‘zi nima?
Aksiya — bu kompaniya mulkidagi ulush. Uni sotib olgan kishi nafaqat foyda (dividend) olish, balki kompaniyaning o‘sishidan ham daromad topish huquqiga ega bo‘ladi. Misol uchun, siz «Hamkorbank»ning 100 ta aksiyasini xarid qilsangiz, bu siz bankning kichik «hissadori» ekanligingizni anglatadi. Aksiya narxi oshsa, siz foyda qilasiz, ammo narxlar tushsa — zarar ko‘rasiz. Siz shuni bilishingiz kerakki, aksiyalarga sarmoya kiritish — uzoq muddatli investitsiya hisoblanadi. Bu tez boyish yo‘li emas, bu sabr va bilim talab qiladigan jarayon.
Chinakam aksiyadorga aylanish esa bir necha qadamli jarayonni o‘z ichiga oladi.
1-qadam: Fond bozorida hisob ochish
Aksiyalarni sotib olish uchun sizga brokerlik (depo) hisobi kerak bo‘ladi. Su sabab o‘zingiz ishongan, litsenziyaga ega brokerlik kompaniyasini tanlang. Ular bilan shartnoma tuzing. Siz bu jarayonni onlayn yoki oflayn ariza to‘ldirish orqali amalga oshirishingiz mumkin va sizdan pasport, STIR va telefon raqamingiz talab etiladi.
Hisob ochilganda broker sizga fondbozori.uz yoki boshqa investitsion servislarga kirish uchun kirish ma’lumotlarini, ya’ni login va parol beradi. Yangi boshlovchilar uchun taniqli bank brokerlari yoki yaxshi sharhlarga ega brokerlarni tanlash to‘g‘ri qaror bo‘lishi mumkin.
2-qadam: Fondbozori.uz sayti orqali aksiya sotib olish
Bu «Toshkent fond birjasi»ning rasmiy savdo platformasi hisoblanib, siz bu yerdan «Toshkent» Respublika fond birjasi listingiga kiritilgan aksiyalarni topa olasiz.
Fondbozori.uz saytiga kiring va brokerdan olgan login va parolingizni kiriting, iloji boricha ma’lumotlarni to‘g‘ri kiriting. Chunki 3 marta xato urinishdan keyin hisobingiz avtomatik bloklanadi va yana qayta brokerga murojaat qilib uni tiklatishingizga to‘g‘ri keladi va bu ma’lum vaqtni talab qiladi.
Kirganingizdan keyin birdan parolingizni almashtiring, bu sizning aktivlaringiz xavfsiz saqlanishi uchun muhim. Undan keyin savdo bo‘limiga o‘ting: «Trading→Stock order» va qidiruv oynasiga kompaniya kodi (tiker) ni kiriting. Masalan URTC – «Tovar-xom ashyo birjasi». «Sotib olish» tugmasini bosing, miqdor va narxni belgilang.
Savdo ekranida siz ikkita «stakan» ko‘rasiz: qizil stakan — sotuvchilar (qancha narxda sotishmoqda), yashil stakan — xaridorlar (qancha narxda sotib olishmoqda).
Aksiyalarni ikkita usulda sotib olsangiz bo‘ladi: bozor narxida va o‘z narxingizda. Sotuvchining narxini qabul qilsangiz, bitim darhol amalga oshadi yoki o‘z narxingizni qo‘yasiz va bozor kutish rejimiga o‘tasiz, agar bozor yopilguncha siz taklif qilgan narxingizda hech kim sizga aksiya sotmasa, sizning buyurtmangiz bekor bo‘ladi va sizning aksiyalar xarid qilish uchun bergan buyurtmangizga ko‘ra bloklangan pul mablag‘lari blokdan yechiladi. Barcha jarayon real vaqt rejimida amalga oshadi.
Sayt orqali aksiya sotib olish biroz murakkab bo‘lishi mumkin, hisobingiz arzimagan yanglishish yoki xatolik sabab tezda bloklanib qolishi esa sizga noqulaylik tug‘dirishi tabiiy. Bu holatlarga yechim sifatida bozorda bir nechta investitsiya servislari ham mavjud.
Agar telefon orqali ishlashni afzal bilsangiz, Jett.uz investitsiya servisi siz uchun eng qulay variant. Bu servis bir necha bank ilovalariga integratsiyalashtirilgan yoki siz undan Multicard ilovasi ichida, investitsiyalar bo‘limida foydalana olasiz. Investitsiya bo‘limida hisob ochish tugmasini bosib yangi hisob ochish uchun buyurtma bersangiz bo‘ladi yoki sizda allqachon brokerlik hisobi bo‘lsa shunchaki hisob qo‘shish tugmasi orqali hisobingizni xizmatga ulab foydalansangiz bo‘ladi.
Siz bu xizmat orqali aksiya va obligatsiyalarni qulay va oson sotib ola olasiz. Investitsiya bo‘limidan market tugmasini tanlab, o‘zingiz aksiyasini sotib olmoqchi bo‘lgan kompaniyani tanlaysiz va sotib olish tugmasini bosasiz. Bu yerda ham xuddi saytdagidek ikki xil usulda ya’ni bozor taklif qilgan yoki o‘zingiz taklif qilgan narxda aksiya sotib olishingiz mumkin. Albatta, siz katta miqdorda aksiya sotib olmoqchi bo‘lsangiz narx taklifini o‘zingiz berganingiz ma’qul, bu usul orqali aksiyalarni yaxshiroq narxga ola olasiz.
Siz xarid qilgan aksiyalar depo hisobingizda saqlanadi. Har chorakda kompaniyalar moliyaviy hisobotlarini e’lon qiladi. Agar kompaniya foyda ko‘rsa va umumiy yig‘ilishda dividend to‘lashga qaror qilsa, siz aksiyalaringiz miqdori nisbatida dividend olasiz. Agar siz aksiyalarni uzoq vaqt ushlab turishni xohlamasangiz aksiya narxi oshganda, uni yuqoriroq narxda sotishingiz mumkin.
Misol uchun, siz «Hamkorbank» aksiyasini 10 000 so‘mdan sotib oldingiz. Bir yil o‘tgach narx 12 000 so‘mga ko‘tarildi. Siz sotish orqali har bir aksiya uchun 2 000 so‘m foyda qila olasiz.
Aksiyalarga investitsiya qilish riskli bo‘lishi mumkin. Lekin riskni kamaytirishning yo‘llari bor.
1-usul: diversifikatsiya (taqsimlash) usuli. Pulni bir kompaniyaga emas, bir nechtasi tarmoqqa taqsimlang. Masalan,1 million so‘mni faqat «Hamkorbank» aksiyalariga emas, 300 ming bank sektoriga, 300 ming avtosanoatga, 400 ming energetika sektoriga taqsimlang.
2-usul: faqat yo‘qotishga tayyor pulni investitsiya qiling. Kompaniya bankrot bo‘lsa, aksiya qiymati nolga tushishi mumkin. Investitsiya sug‘urtalanmagan, shuning uchun faqat yo‘qotishga tayyor pulni investitsiya qiling. Hech qachon qarz olgan yoki kundalik xarajatlar uchun kerak bo‘lgan pulni investitsiya qilmang.
3-usul: kompaniyani o‘rganing. Aksiya sotib olishdan oldin kompaniya nima qiladi, so‘nggi yillik hisobot qanday, foyda qilmoqdami yoki zarardami tekshiring,o‘rganib chiqing.
4-usul: uzoq muddatli sarmoya kiriting. Aksiya narxi bir kunda oshib-tushib turishi mukin. Lekin yaxshi kompaniyalar uzoq muddatda o‘sadi. Shu sababdan siz uzoq muddatli sarmoyadan kutilgandek foyda ko‘rishingiz mumkin.
Bizning fond bozorda texnik jihatdan atiga 10 ming so‘m bilan ham aksiya sotib olish mumkin. Lekin amaliyot uchun kamida 300 000–500 000 so‘m bilan boshlash tavsiya etiladi.
«Dividend qachon to‘lanadi?» — degan savollar ham sizni qiziqtirishi mumkin. Bu qarorni kompaniya umumiy yig‘ilishida qabul qiladi. Odatda yilda 1-2 marta to‘lanadi, lekin xatto kompaniya foyda ko‘rgan bo‘lsa ham to‘lanmasligi mumkin. Hammasi umumiy yig‘ilish qaroriga bog‘liq. Dividend olish oxirgi yilda ancha osonlashgan bo‘lib, UzCSD ilovasi orqali hisobingizga o‘tqaza olasiz.
Esda tuting, kapital bozori bu o‘yin emas. U sabr, bilim va strategiyani talab qiladi. Ammo aynan shu yo‘l orqali siz o‘z pulingizni ishlaydigan aktivga aylantirishingiz mumkin.
Ogohlantirish: Ushbu material faqat ma’lumot maqsadida tayyorlangan va moliyaviy maslahat hisoblanmaydi. Har bir investor o‘z qarorini mustaqil qabul qiladi va natijalar uchun javobgar bo‘ladi.





