
Albaniyada tabiiy vodorodli ulkan yer osti energiya manbai aniqlandi
21.07.2025 | 18:4548563
Xalqaro geologlar jamoasi Albaniyadagi xrom konlaridan birida katta miqdorda tabiiy vodorod manbaini topdi. Bunda yer ostidagi jarayonlar orqali yiliga 200 tonnadan ortiq vodorod ajralib chiqayotgani aniqlangan.

Bu holat, nashrlarga ko‘ra, sayyora tarixida qayd etilgan eng yirik tabiiy vodorod manbai hisoblanadi. Eng muhimi, ilk bor geologik yoriqlar tubidagi vodorod xazinalari nafaqat mavjudligi, balki ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri ega bo‘lish va sanoatda ehtimoliy foydalanish imkoniyati ilmiy asosda isbotlandi.
Vodorodga uzoq yillardan beri «kelajak yoqilg‘ici» sifatida qaraladi, ammo uni ishlab chiqarish jarayoni qimmatga tushadi, ko‘p energiya talab qiladi va atmosferaga uglerod chiqarilishiga olib keladi. Ammo Albaniyadagi tabiiy vodorod manbai alohida ahamiyatga ega: u yuqori konsentratsiyada tayyor holda uchradi va undan foydalanish uchun elektroliz yoki metan yoqilishi talab qilinmaydi.
Shu bilan birga, mutaxassislar hushyorlikka chaqirmoqda. Chunki geologik vodorod qisqa muddatda qayta tiklanmaydigan resurs hisoblanadi — uning tabiiy yig‘ilishi uchun millionlab yillar talab etiladi. Bundan tashqari, bu yer osti maydonlarida vodorodni energiya sifatida iste’mol qiluvchi noyob biologik turlar mavjud bo‘lishi mumkin. Bu esa tabiiy ekotizimning buzilishi xavfini keltirib chiqaradi.
Hozircha aniqlangan yillik 200 tonna miqdordagi vodorod jahon sanoati tomonidan har yili ishlab chiqariladigan 100 mln tonna bilan solishtirganda oz ko‘rinishi mumkin. Ammo olimlar fikricha, bularning asosiy ahamiyati — geologik modellashtirish va xaritalash orqali yer osti vodorod zaxiralarini izlab topishning yangi usuli ishlab chiqilganidadir. Bu esa kelajakda yanada katta tabiiy manbalarni aniqlash imkoniyatini ochishi mumkin.





