
Alisher Usmonov singlisiga oid sanksiyalar asossiz ekanini isbotladi
Alisher Usmonov Germaniyada o‘zi va qarindoshlariga qaratilgan asossiz da’volarga nisbatan huquqiy g‘alabaga erishdi.

Hamburg yeri sudi tadbirkor Alisher Usmonov haqida Facebook’da tarqatilgan, uning Shveysariyadagi aktivlarini singlisi Saodat Narziyeva orqali yashirgani haqidagi ayblovni noqonuniy deb topdi.
Sud qarori Yevropa Ittifoqi Narziyevani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashlaganidan keyin qabul qilindi.
Advokat Yoaxim Shtaynhefel ma’lum qilishicha, ayblovlarning hech biri faktlar bilan tasdiqlanmagan.
«Sud yana bir bor tasdiqladiki, Alisher Usmonov va uning qarindoshlariga qo‘yilgan sanksion ayblovlar hech qanday faktga asoslanmagan. Sanksiyalar va obro‘ jurnalistik xatolarga tayanmasligi kerak», — dedi Usmonov advokati.
Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Kengashi ham Narziyevani ro‘yxatga kiritish asoslari noto‘g‘ri bo‘lganini tan olgan. Sud javobgarga ayblovni tarqatmaslikni buyurdi, aks holda 250 ming yevrogacha jarima yoki ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.
Usmonovning huquqiy jamoasiga ko‘ra, 2022 yilda shunga o‘xshash da’volar YI va Buyuk Britaniyada Narziyevaga qarshi sanksiya qo‘llashga sabab bo‘lgan. 2025 yil sentabr oyida esa javobgar yana Facebook’da uning Credit Suisse hisoblari bo‘yicha benefitsiar sifatida foydalanilgani haqidagi ma’lumotni takrorlagan.
Advokatlar so‘nggi uch yil davomida butun dunyo bo‘ylab medialarda yuzlab noto‘g‘ri maqolalar olib tashlanganini, 15 ta sud hujjati va 86 ta rasmiy ariza yuborilganini qayd etdi. Shu jarayonda Forbes, Tagesspiegel, Kurier kabi yirik nashrlar ustidan olib borilgan sud ishlarida ham Usmonovning foydasiga qarorlar chiqarilgan.





