
Aliyev Ozarboyjonning Rossiyaga qarshi xalqaro da’vosi tafsilotlarini oshkor qildi
20.07.2025 | 19:4522105
Ozarboyjon Rossiya ustidan Xalqaro sudga da’vo arizasi kiritmoqchi. Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, Ozarboyjon havo yo‘llariga tegishli va halokatga uchragan yo‘lovchi samolyotiga Grozniy osmonida zarba berilganligi uchun Rossiya javobgar bo‘lishi kerak.

Prezident Ilhom Aliyevning ma’lum qilishicha, mudhish aviahalokatdan yetti oy o‘tsa-da, Boku Moskvadan hech qanday rasmiy javob olmagan. Halokat oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan.
«Biz faqat tabiiy talablar qo‘yayapmiz: voqea uchun aybni tan olish, samolyotni urib tushirganlarni jazolash, halok bo‘lganlar oilalari va jabrlanganlarga hamda aviakompaniyaga kompensatsiya to‘lash», — dedi Aliyev.Aliyevning aytishicha, Ozarboyjon Bosh prokurori Rossiya Tergov qo‘mitasiga doimiy ravishda xat yubormoqda, ammo javoblar «tergov davom etmoqda» degan gap bilan cheklanadi.
«Bizga hammasi ma’lum: nimalar ro‘y berganini bilamiz va isbot qila olamiz. Rossiya rasmiylari ham buni biladi. Savol tug‘iladi: nega ular o‘sha paytda qo‘shni sifatida qilinadigan ishni qilmadi? Bunday munosabat sermahsul aloqalarga zid deb hisoblayman. Biz buni shundayligicha qoldirmaymiz. Rossiya tomonini xalqaro sudlarga murojaat qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganimiz haqida xabardor qilganmiz», — dedi u.Ozarboyjon prezidentining ma’lum qilishicha, ozarboyjonlik tergovchilari halokat joyiga borib, samolyot tanasidagi shikastlarni o‘rganishgan.
«Fyuzelyaj ilma-teshik bo‘lib ketgan, salonda ikki kishi shrapneldan jarohat olgan. Shu bois, go‘yo ukrain droni samolyotga to‘qnash kelgan, degan taxmin mutlaqo kulgili. Samolyotga ikki marta hujum qilingan. Tasavvur qiling: ukrain droni kelib, Ozarboyjon samolyotini topib uradi, tushadi, keyin yana hujum qiladi! Bu bolalarga aytiladigan ertak», — deya ta’kidladi Aliyev.Uning so‘zlariga ko‘ra, Checheniston osmonidagi parvozlar faqat shu mash’um hodisadan keyin to‘xtatilgan. Aliyev xalqaro sud ishni ko‘rib chiqishiga vaqt kerak bo‘lishini tan oldi, lekin mamlakat «adolat tiklanishi uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha kutadi».
«Afsuski, bu vaziyat Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yordam bermayapti», — dedi prezident.AZAL aviakompaniyasiga tegishli Embraer E190 uchog‘i 25 dekabr kuni Boku — Grozniy reysini amalga oshirayotgan paytda halokatga uchragan. Unning sahnida 67 kishi bo‘lgan, shundan 29 nafari tirik qolgan. Samolyot ukrain dronlari hujumi davomida Grozniyga qo‘nishga uringan va havo hujumidan himoya tizimi tomonidan o‘qqa tutilgan. Ekipaj Rossiyaning bir necha shahriga shoshilinch qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan, ammo birortasi javob bermagan. Samolyot Kaspiy dengizi orqali Qozog‘istonga qarab yo‘l olgan, ammo Oqtov xalqaro aeroporti yaqinida qulagan.





