
Aliyev: «Qorabog‘ni tiklashda ilk sovg‘a O‘zbekistondan bo‘lgan»
21.07.2025 | 10:303533
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning Qorabog‘ni tiklashdagi dastlabki yordamini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ushbu jarayonda birinchi bo‘lib amaliy yordam ko‘rsatgan davlatdir.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ni qayta tiklash borasida O‘zbekistonning ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik izhor qildi. Bu haqda u Xankendi shahrida o‘tkazilgan media-forum chog‘ida o‘zbekistonlik jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘janing savoliga javoban bildirgan.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tiklash ishlarini amaliy harakatlar bilan boshlagan birinchi davlat hisoblanadi. U buni «ehsoni avval bo‘lgan, qadri baland» deb baholadi. Prezident o‘z nutqida O‘zbekiston bilan strategik munosabatlarni alohida qayd etib, hamkorlik rivojlanishidan mamnunligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hukumati Ozarboyjonning Qorabog‘ hududidagi Fizuli shahrida maktab binosi qurib bergan. Mazkur ob’ekt Ozarboyjonda qayta qurish jarayonining muhim ramzlaridan biri sifatida qaraladi.
Ilhom Aliyev ayni paytda butun Qorabog‘ hududida keng ko‘lamli tiklash ishlari olib borilayotganini, bu jarayonda xalqaro hamkorlik muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ana shu hamkorlar orasida O‘zbekistonning ishtiroki alohida e’tirofga loyiq.





