
Aliyev va Pashinyan Tramp ishtirokida to‘liq otashkesim deklaratsiyasini imzoladi
09.08.2025 | 08:3015014
Armaniston va Ozarboyjon yetakchilari Oq uyda o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda tinchlik, savdo va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishdi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida to‘liq otashkesim haqida deklaratsiya imzoladi. Reuters yozishicha, uch tomonlama muzokaralar Oq uyda bo‘lib o‘tdi.
Trampning ta’kidlashicha, Armaniston va Ozarboyjon endi barcha harbiy harakatlarni to‘xtatish, savdo, sayohat va diplomatik aloqalarni tiklash hamda bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga majbur bo‘ladi.
AQSH Armaniston va Ozarboyjon bilan energetika, savdo va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar tuzadi. Shu bilan birga, Vashington Boku bilan mudofaa sohasidagi cheklovlarni bekor qiladi. Amerikalik biznes doiralari har ikki mamlakat infratuzilmasiga yirik investitsiyalar kiritishga tayyor ekanini Tramp ta’kidladi.
Aliyev bu hujjat orqali «qarama-qarshilik va qon to‘kilish sahifasini yopish» hamda «yorqin va xavfsiz kelajak» sari qadam qo‘yish mumkinligini aytdi. Pashinyan esa kelishuv Janubiy Kavkazda «tinchlik, farovonlik va iqtisodiy hamkorlik davrini ochishini» ta’kidladi.
Reuters ma’lumoticha, hali asosiy kelishmovchiliklar, jumladan, chegara demarkatsiyasi va Armaniston konstitutsiyasidagi 1989 yilgi Qorabog‘ bo‘yicha chaqiriq masalasi hal etilmagan.
Deklaratsiya AQSHga Janubiy Kavkaz orqali tranzit yo‘lagini rivojlantirishda eksklyuziv huquq beradi. TRIPP — «Tramp marshruti xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘lida» deb nomlangan loyiha Ozarboyjonning janubi-sharqini Naxichivon orqali Turkiya bilan bog‘lab, Armanistonning Syunik viloyatidagi Megri shahridan o‘tadi. U arman qonunchiligi asosida amalga oshiriladi, ammo infratuzilmani qurish va boshqarishda AQSH xalqaro konsorsium jalb etishi mumkin bo‘ladi. Manbalarga ko‘ra, loyiha mintaqaga yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochib, mojaro qayta avj olish xavfini kamaytiradi.
 
 





