
Aloqa operatorlarining abonentlar mablag‘ini roziligisiz yechishi Senatda muhokama qilindi
04.09.2025 | 15:5018963
Abonentlar roziligisiz pullik xizmatlarga ulanib, hisobidan mablag‘ yechib olinishi ortidan millionlab odamlar moliyaviy zarar ko‘rmoqda.

Senat yalpi majlisida Qutbiddin Burxonov mobil aloqa operatorlari orqali abonentlarning roziligisiz pullik SMS va xizmatlarga ulanish holatlari ko‘payayotganini bildirdi. Unga ko‘ra, hisobdan mablag‘ so‘ralmasdan yechilayotgani iste’molchi huquqlarini buzmoqda.
2025 yil 1 yanvar holatiga abonentlar soni 36 million nafardan oshib ketgani ma’lum qilindi. Hozirda 100 dan ortiq kontent provayder turli xizmatlarni taqdim etmoqda.
Ular telekommunikatsiya kompaniyalari bilan shartnoma asosida ishlaydi, ammo amalda mablag‘ abonent hisobidan uning roziligisiz yechiladi. Bir marta ulangan abonentdan har kun yoki oyda to‘lov so‘ralaverishi katta norozilik keltirmoqda.
Tekshiruv natijalari kontent xizmatiga ulanish oson, ammo uni bekor qilish murakkab jarayon ekanini ko‘rsatdi.
Shuningdek, provayderlar faoliyatini tartibga soluvchi maxsus normativ-huquqiy hujjat yo‘qligi ham aniqlandi. Abonentlarga berilgan litsenziya shartlarida ular uchun alohida talab ham nazarda tutilmagan.
Ma’lumot uchun, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2024 yilda 1199 ta murojaat qabul qilib, 683,2 million so‘mni iste’molchilar foydasiga qayta hisoblab bergan.
Senatorlar huquqiy bo‘shliqlar muammoga asosiy sabab ekanini ta’kidlab, hukumat darajasida yechim topish zarurligini qayd etdi.
Burxonov fikricha, aholining milliardlab so‘m mablag‘i ixtiyorisiz yechilishi qonunbuzarliklarga yo‘l ochishi mumkin. Shu bois, u normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish zarurligini va bu jarayonda qo‘mita hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.





