«Aloqabank» faktoring tashkilotini sotmoqda

Bugun 12:102 daqiqa

Bank o‘ziga tegishli kompaniyaning 90 foiz ulushini 1,8 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘ydi.

«Aloqabank» faktoring tashkilotini sotmoqda

O‘zbekistondagi davlat banklaridan biri — «Aloqabank» o‘zi egalik qiladigan «Aloqa Finance Faktoring Tashkiloti» MCHJdagi 90 foiz ulushni auksionga qo‘ydi.

Kimoshdi savdosi 2026-yilning 6-aprel sanasida bo‘lib o‘tadi. Faktoring tashkilotining 90 foizi uchun 1,8 mlrd so‘m narx belgilangan.

Auksionda qatnashuvchilar uchun bir qancha talablar mavjud. Ishtirokchilar iqtisodiy sohadagi jinoyatlar va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha sudlanmagan bo‘lishi kerak.

Faktoring tashkiloti moliyaviy ahvoli yomonlashishiga, bankrot bo‘lishiga yoki faoliyati to‘xtashiga olib keladigan harakatlar sodir etishi mumkinligiga oid dalillar bo‘lmasligi lozim.

Bundan tashqari, «Aloqabank»ning faktoring tashkiloti bo‘lajak ta’sischisi oliy ma’lumotga yoki faktoring sohasida ikki yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lishi so‘ralgan.

Faktoring — bu tadbirkorlarga hisob-fakturalarni darhol pulga aylantirish imkonini beruvchi moliyaviy xizmat. Masalan, qaysidir kompaniya mahsulotini sotdi va shartnoma bo‘yicha 60 kundan keyin pul tushishi kerak. Faktoring yordamida bankdan pulni darhol olish mumkin.

O‘zbekistonda faktoring faqatgina 2024-yilga kelibgina paydo bo‘ldi. Shundan beri banklarda faktoring xizmatlarini ko‘rsatish har oy o‘sib bormoqda.

2025-yil davomida «Aloqabank» 340 mlrd so‘mlik faktoring xizmatlarini ko‘rsatgan. Bankda oylik diskont stavkasi mahalliy kompaniyalar uchun 2,25–2,5 foiz atrofida bo‘lsa, xorijiy kompaniyalar uchun 2,5 foiz hisoblanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda qaysi banklar ko‘proq faktoring xizmatlari ko‘rsatayotgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid