add

Alyaska sammitidan qariyb ikki kun o‘tdi: hanuzgacha uchrashuv haqida rasmiy ma’lumot yo‘q

17.08.2025 | 09:00471912

Biroq ommaviy axborot vositalari asosiy narsani aniqlab bo‘lganga o‘xshaydi: Putin Kiyevga xavfsizlik kafolatlari berishga tayyor, ammo Donbassni to‘liq talab qilmoqda. Zelenskiy esa bunga rozi emas.

Alyaska sammitidan qariyb ikki kun o‘tdi: hanuzgacha uchrashuv haqida rasmiy ma’lumot yo‘q
Putin Ukrainadan Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Bloomberg manbalariga ko‘ra, bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp Putin bilan muzokaralardan so‘ng Volodimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali suhbatda ma’lum qilgan. Nashr xabariga ko‘ra, so‘z Donetsk va Luhansk oblastlari haqida ketmoqda; go‘yoki Rossiya endilikda Zaporijjya va Xerson oblastlarining o‘z nazoratida bo‘lmagan hududlarini berishni talab qilmayapti. Financial Times’ning to‘rtta manbasi ma’lum qilishicha, muzokaralar vaqtida Putin Donbassdan voz kechish — uning asosiy talablaridan biri ekanini bildirgan va agar Ukraina buni bajarsa, u frontning qolgan qismini muzlatishga rozi bo‘ladi (bunda Rossiya o‘zi bosib olgan Xerson va Zaporijjya oblastlari hududlarini saqlab qoladi). Shu bilan birga, FT manbalari ta’kidlashicha, Putin to‘qnashuvning «bosh sabablari» — uning so‘zlariga ko‘ra, NATOning sharqqa kengayishi masalasi — bartaraf etilishi lozim, degan talabidan ham voz kechgani yo‘qligini bildirgan. Donald Tramp esa muzokaralardan so‘ng Fox News telekanaliga bergan интервюсида «endi hamma narsa prezident Zelenskiyga bog‘liq» deya bayonot berdi. AQSH prezidenti ehtimoliy kelishuv mazmunini ommaga oshkor qilmadi, biroq, taxminlarga ko‘ra, gap Ukraina tomonidan mumkin bo‘lgan hududiy yon berishlar haqida ketmoqda — FT ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan o‘tkazilgan qo‘ng‘iroqlashuvda Tramp Ukraina o‘z yerlari haqida mustaqil qaror qabul qilishi kerakligini ta’kidlagan. Yaqinda Putin Trampning elchisi Stiven Uitkoff bilan uchrashganidan so‘ng Zelenskiy «ukrainaliklar o‘z yerini bosqinchiga hadya qilmaydi» deya bayonot bergan edi. Ankorijdagi muzokaralardan keyingi chiqishlarida u bu masalaga to‘xtalmadi. Ammo Reuters manbasining ma’lum qilishicha, Tramp bilan telefon suhbatida Zelenskiy front chizig‘ini muzlatish evaziga Donbassdan voz kechish taklifini rad etgan. Tramp Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan qo‘ng‘iroqlashuv chog‘ida ularni Moskvadan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishni bas qilishga chaqirgan, deb yozmoqda FT. Putin bilan uchrashuvgacha Tramp o‘zi muzokaralar o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelmasa, bundan qoniqmasligini, bu holda «juda jiddiy oqibatlar» bo‘lishini aytgan edi. Ammo sammitdan so‘ng u Putinning pozitsiyasiga qo‘shilishini va «ko‘p hollarda bajarilmaydigan vaqtinchalik sulhlar» emas, balki tinchlik shartnomasi borasida kelishuv kerakligini aytdi. CNN jurnalisti Kler Sebastian fikricha, Trampning ritorikasidagi bu o‘zgarish Putin manfaatlariga mos keladi, chunki u jangovar harakatlarni to‘xtatmasdan muzokara jarayonini davom ettirish imkonini beradi. Bu baholashning asosli ekanini Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedevning so‘zlari ham bilvosita tasdiqlaydi — u sammitning «muhim» natijasi sifatida «muzokaralar avvaldan shartlar qo‘ymasdan va maxsus harbiy amaliyot (SVO)ni davom ettirgan holda ham o‘tkazilishi mumkinligi»ni qayd etgan. AQSH G‘arbning boshqa davlatlari bilan birgalikda Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor, deb ma’lum qilishdi yevropalik yetakchilar Tramp bilan suhbatdan so‘ng. Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni Ankorijdagi muzokaralardagi «eng qiziqarli yangilik» sifatida aynan xavfsizlik kafolatlari masalasini atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kafolatlar NATOni tuzish to‘g‘risidagi shartnomaning beshinchi moddasidan «ilhomlangan». «Bu taklifning bosh nuqtasi — jamoaviy xavfsizlik to‘g‘risidagi moddadagi shartlarni shakllantirish bo‘lib, u Ukrainaga o‘z hamkorlari, jumladan AQSH tomonidan yangi hujum yuz bergan taqdirda yordam olish imkonini beradi», — dedi Meloni. CNN bilan suhbatlashgan ismi ochiqlanmagan yevropalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, bu kafolatlarda NATO tashkiloti to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmaydi. Tramp Putin bilan ana shunday kafolatlar to‘g‘risida bevosita gaplashganmi-yo‘qmi — bu Melonining bayonotlaridan anglashilmaydi. Biroq Ankorijda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Putin «Tramp bilan xavfsizlik masalasida to‘liq kelishganini, jumladan Ukraina xavfsizligi ham ta’minlanishi shart ekanini» aytdi va Rossiya bu masala bo‘yicha «ishlashga tayyor» ekanini ma’lum qildi. Agence France-Presse diplomatik manbaga tayanib yozishicha, AQSH tomonidan taklif qilingan «beshinchi moddaga o‘xshash, ammo NATOsiz» kafolatlar konsepsiyasi «taxminan Putin bilan kelishilgan». Shunga o‘xshash ma’lumotni «Ukrainskaya pravda» nashriga bergan noma’lum manba ham tasdiqlagan. Zelenskiy 18 avgust kuni Vashingtonda Tramp bilan uchrashadi. Ukraina, Rossiya va AQSH rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘ladimi-yo‘qmi — hozircha noma’lum. Shanba kuni ertalab Ukraina prezidenti bunday uchrashuv o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi; CNNʼning yozishicha, ismini oshkor etmagan yevropalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Ankorijdagi sammitni Putin uch tomonlama muzokaralarga rozi bo‘lganiga ishonch bilan tark etgan. Biroq Putin yordamchisi Yuriy Ushakovning ta’kidlashicha, Ankorijdagi muzokaralarda bunday uchrashuv o‘tkazilishi mavzusi ko‘tarilmagan. The New York Times manbalarga tayanib yozishicha, Tramp va Zelenskiyning 18 avgustdagi uchrashuviga Yevropa yetakchilari ham taklif etilgan. Zelenskiy shanba kuni tushda qilgan bayonotida, Rossiya yaqin kunlarda «ukrain pozitsiyalariga bosim va zarbalarni kuchaytirishga urinishini» kutayotganini bildirdi. Uning fikricha, bu «muzokaralar uchun ko‘proq siyosiy foyda beradigan vaziyat yaratish»ga qaratilgan bo‘ladi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, ukrain harbiylari Donetsk oblastining «eng qiyin uchastkalaridan biri — Dobropilya va Pokrovsk yo‘nalishida» ikki kundan beri muvaffaqiyat qozonmoqda. Avgust o‘rtalarida Rossiya armiyasi Pokrovskning shimoli-sharqiga ukrain mudofaa chiziqlarini yorib kirgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.  

Teglar

Mavzuga oid

Alyaska sammitidan qariyb ikki kun o‘tdi: hanuzgacha uchrashuv haqida rasmiy ma’lumot yo‘q | Vaqt.uz