add

Alyaskadagi yuqori darajali sammit: Tramp va Putin nihoyat uchrashdi

16.08.2025 | 00:3540284

AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Alyaskadagi harbiy bazada uchrashib, rasmiy muzokaralar oldidan samimiy muloqot qildi.

Alyaskadagi yuqori darajali sammit: Tramp va Putin nihoyat uchrashdi
AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Joynt Beys Elmendorf-Richardson harbiy bazasida uchrashdi. Ikki rahbar qo‘l berib ko‘rishdi, qizil gilamda birga suratga tushdi, ammo jurnalistlar savollariga javob berishmadi. Uchrashuv paytida havodan AQSH harbiy samolyotlari, jumladan, qiruvchi uchoqlar va B-2 stels bombardimonchisi parvoz qildi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov sammitdan so‘ng AQSH sanksiyalarining bir qismini bekor qilish ehtimoli yuqori ekanini RIA Novostiʼga bildirdi. Sammit arafasida AQSH Moliya vazirligi Rossiyaga qarshi ayrim sanksiyalarni 20 avgustgacha vaqtincha to‘xtatishga ruxsat berdi. Sammitgacha Tramp Putin va Zelenskiyning muzokaralaridan umid qilayotgani va bu jarayonda o‘zi ham ishtirok etishni istayotganini bildirgan edi. Tramp Ukrainada tinchlik o‘rnatilishi bo‘yicha kelishuvni Moskva va Kiyev ma’qullashi lozimligini ta’kidlab, o‘zi bu ehtimolli shartlashuv uchun zamin hozirlashni istayotganini ma’lum qilgan.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning xabar berishicha, Putinning Tramp bilan muzokaralari «uchga uch» formatda o‘tkaziladi. Rossiya tomonidan Lavrov va Ushakov qatnashadi. Trampga esa Rubio va Uitkoff sherik bo‘lishadi.

Sammit boshlanishidan oldin kutilmagan voqea ro‘y berdi — Putin Trampning prezidentlik limuziniga o‘tirib, muzokaralar o‘tkaziladigan joyga birga yo‘l oldi. Bu holat raqib davlatlar rahbarlari uchun kam uchraydigan va ramziy ahamiyatga ega voqea sifatida baholanmoqda. Alyaska harbiy bazasida ikki prezidentlik samolyoti — Putinning maxsus jihozlangan Il-96 va Trampning Air Force One nomi bilan mashhurlashgan Boeing 747 — yonma-yon turishi diqqat markazida bo‘ldi. Putinning Magadan aeroportidan «Rossiya 539» maxsus reysi bilan parvozi taxminan to‘rt soat davom etgani ma’lum qilindi.  

Teglar

Mavzuga oid