add

Amaldagi prezident va dunyoning boylari: Epshteyn hujjatlari yana nimalarni ochdi?

Bugun 15:155 daqiqa

AQSH Adliya vazirligi Jeffri Epshteynga oid yangi hujjatlarni oshkor qildi. Fayllarda Tramp, Mask, Geyts va Branson nomlari uchraydi, ammo ayblovlar hozircha tasdiqlanmagan. Nomlari ko‘rsatilgan shaxslar bunga qanday munosabat bildirdi?

Amaldagi prezident va dunyoning boylari: Epshteyn hujjatlari yana nimalarni ochdi?

AQSH Adliya vazirligi 30-yanvar kuni shov-shuvli Jeffri Epshteyn fayllarini yana bir qismini ommaga e’lon qildi. Bu to‘plamga 3 million sahifa, 180 ming rasm va 2 ming video kiritilgan. Fayllarda mashhur shaxslar Ilon Mask, Bill Geyts, Richard Branson va Donald Tramp nomlari uchraydi. Donald Tramp nomi hujjatlarda 3 ming marta tilga olingan, biroq Adliya vazirligi va tahlilchilar ta’kidlashicha, ularning ko‘pchiligi tasdiqlanmagan yoki dalilsiz. Fayllar faqat shaxslarning Jeffri Epshteyn bilan aloqada bo‘lgan vaqtlarini ko‘rsatadi, ammo bu jinoyat sodir etilganini hozircha isbotlamaydi.

Donald Tramp jurnalistlarning Jeffri Epshteyn fayllarida u va boshqa mashhurlarning rasmlari tarqalgani bilan bog‘liq savollariga quyidagicha javob bergan:

«Men ularni ko‘rmadim, lekin u odam haqida hamma biladi. Uning hamma bilan tushgan rasmlari bor. Deyarli yuzlab odamlarning u bilan rasmlari bor. Bu unchalik ham muhim emas, men bu haqida hech narsa bilmayman. Jeffri Epshteyn bilan hech qanday aloqam yo‘q. Agar siz Adliya vazirligi bergan 3 million betlik fayllarga qarasangiz, ko‘plab ismlarni ko‘rasiz: Bill Klinton, Bill Geyts va boshqa ko‘plab odamlar bor. Bu yerda ko‘plab savollar bor, lekin hech biri menga aloqador emas».

Donald Tramp bunday savollarni bergan jurnalistlarni ham ayab o‘tirmaydi. Masalan, u Epshteyn fayllari haqida so‘ragan CNN jurnalistini tanqid qilgan:

«Siz juda yomon jurnalistsiz, siz dunyodagi eng yomon reportyorsiz. Sizga o‘xshaganlar sabab CNN hech qanday reytinglarga ega emas. Men sizni 10 yildan beri bilaman, lekin hech qachon tabassum qilganingizni ko‘rmaganman. Bilasizmi, nega siz kulmaysiz? Chunki siz haqiqatni aytmayotganingizni bilasiz».

BBC xabariga ko‘ra, yangi e’lon qilingan ro‘yxatda Donald Tramp, Jeffri Epshteyn va boshqa taniqli shaxslarga nisbatan bir qator jinsiy tajovuz ayblovlari keltirilgan. Bunga javoban Tramp Epshteyn bilan o‘nlab yillar oldin aloqani uzganini aytadi va u bilan bog‘liq har qanday noqonuniylikni doimiy ravishda inkor etib keladi. Shuningdek, u Epshteyndan jabrlanganlar tomonidan hech qanday jinoyatda ayblanmaganini ta’kidlaydi.

Ilon Mask

Ilon Mask avvalroq Jeffri Epshteyn uni shaxsiy oroliga taklif qilganini va u bu taklifni rad etganini aytgan edi. Biroq yaqinda oshkor qilingan hujjatlar bu bayonotga zid holatni ko‘rsatmoqda.

2012 yilga oid e-mail yozishmalarda Jeffri Epshteyn Ilon Maskdan orolga borish uchun necha kishilik vertolyot kerak bo‘lishini so‘ragan. Mask bunga javoban safarga faqat o‘zi va o‘sha paytdagi rafiqasi Talula Rayli borishini yozgan. Shuningdek, u qaysi kecha «Eng yovvoyi bazm» bo‘lishi mumkinligini so‘ragan.

Bu email yozishmalar Maskning 2023 yilda aytgan «Epshteyn orolidagi bazmga borishni qat’iyan rad etganman», degan bayonotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid keladi. Chunki hujjatlarda Mask tashrifni rad etayotgan emas, aksincha, safarni muvofiqlashtirishga urinayotgani aks etgan. Ammo hozircha Ilon Mask Epshteyn oroliga borganini tasdiqlovchi dalil yo‘q.

Hujjatlar e’lon qilingach, Mask «X» (sobiq «Twitter») tarmog‘ida bayonot berib, shunday degan:

«Men hech qachon Epshteyn bazmlarida qatnashmaganman va Epshteyn bilan jinoyat sodir etgan shaxslarning jazolanishini bir necha bor talab qilganman. Adolat hujjatlarni oshkor qilish emas, balki Epshteyn bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning real javobgarlikka tortilishidir».

Bill Geyts

Melinda French Geyts  sobiq eri Bill Geytsning marhum moliyachi va jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan Jeffri Epshteyn bilan aloqalari haqidagi yangi hujjatlar e’lon qilingach, «chuqur va tushuntirib bo‘lmas qayg‘uyuni his qilganini aytdi. U bu haqda NPRʼning «Wild Card» podkastidagi suhbatda gapirgan.

Melinda Geyts 2021 yilda Bill Geyts bilan ajrashgan. U yangi hujjatlar bilan bog‘liq savollarga javob berish o‘ziga emas, balki bevosita Bill Geyts va ushbu jarayonda ishtirok etgan shaxslarga tegishli ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, u bu «iflos mojarolar»dan uzoqda bo‘lgani uchun xursand.

Melinda Geyts bu yangi ma’lumotlar uning nikohidagi «juda og‘riqli davrlar»ni yana yodga solganini aytdi. Shu bilan birga, u Epshteyn tomonidan jabrlangan qizlarning taqdiri «tasavvur qilib bo‘lmas darajada fojiali» ekanini bildirib, ular uchun adolat qaror topishiga umid qilayotganini aytdi.

AQSH Adliya vazirligi (DOJ) bergan hujjatlar orasida Epshteynning 2013 yilga oid, Bill Geytsga yozilgandek ko‘ringan, ammo hech qachon yuborilmagan e-mail qoralamalari ham bor. Ushbu matnlarda Geyts oilasidagi kelishmovchiliklar, biznes masalalari va sog‘liq bilan bog‘liq xavotirlar tilga olingan. Mazkur e.mailʼlarni kim yozgani aniq emas. Ammo emailda Geyts jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasallik yuqtirgani va bu haqda rafiqasiga bildirmasdan unga antibiotik berishga uringani aytiladi.

Milliarder fayllar e’lon qilingach, Epshteyn nimani o‘ylaganini tushunmasligini aytib, shunday degan:

«U bilan o‘tkazgan har bir daqiqamdan afsusdaman. Buni qilganim uchun uzr so‘rayman».

Bill Geytsning vakili CNNʻga bergan bayonotida u Epshteyn bilan bog‘liq har qanday noqonuniy yoki nomaqbul xatti-harakatlarni qat’iyan rad etishini bildirgan.

Bill Geytsning o‘zi esa Avstraliyaning «Nine news» telekanaliga bergan intervyusida hujjatlardagi email Epshteyn tomonidan yozilganini, ammo hech qachon yuborilmaganini va undagi ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanini aytgan. Geyts o‘z so‘zida Epshteynning oroliga hech qachon bormaganini, u yerda ayollar bilan uchrashmaganini va u bilan faqat kechki ovqatlar darajasida muloqot qilganini ta’kidlagan.

So‘nggi yillarda Bill Geyts Epshteyn bilan aloqada bo‘lganidan bir necha bor ochiqchasiga afsuslanishini bildirgan.

Richard Branson

2013 yilda milliarder Richard Branson Jeffri Epshteyn bilan shaxsan uchrashgan. Oradan bir kun o‘tib, 11-sentabr kuni Branson Epshteynga email yuborgan. Emailda Branson uchrashuvdan mamnunligini bildirgan va Epshteynni yana ko‘rishni xohlashini yozgan. U xabarda Epshteyn atrofidagi ayollar guruhini «haram» deb atagan va Epshteyn yana kelganda «o‘sha haramni ham olib kelishi»ni yozgan.

Richard Branson asos solgan «Virgin Group» kompaniyasi ushbu e-mailʻga izoh berib, Branson «haram» so‘zini Epshteyn ishlatgan atama sifatida, ya’ni voyaga yetgan ayollar guruhi ma’nosida qo‘llaganini bildirgan. Kompaniya ta’kidlashicha, agar Branson Epshteynning jinoyatlari va faoliyatining asl mohiyatini o‘sha paytda bilganida, u na bu so‘zni ishlatgan bo‘lardi, na Epshteyn bilan aloqada bo‘lgan bo‘lardi.

Hozircha Richard Branson Epshteyn bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanmagan. Uning ismi faqat yozishmalar va uchrashuvlar kontekstida tilga olinadi.

Teglar

Mavzuga oid