add

Amerika investorlari kriptovalyutadan yuz o‘girmoqda

Bugun 09:301232 daqiqa

FINRA tadqiqoti AQSHda kriptovalyutaga qiziqish pasayganini ko‘rsatdi: makroiqtisodiy xavotirlar va bozordagi noaniqlik investorlarni xavfsiz aktivlarga o‘tishga majbur qilmoqda.

Amerika investorlari kriptovalyutadan yuz o‘girmoqda

AQSHda kriptovalyuta bozoriga bo‘lgan qiziqish so‘nggi uch yilda sezilarli darajada kamaydi. Bu haqda mamlakat moliya sanoatidagi faoliyatni kuzatuvchi mustaqil regulyator FINRA o‘tkazgan keng qamrovli tadqiqotdan ma’lum bo‘ldi. 2021–2024 yillarda kriptoaktivlarga egalik qiluvchi investorlar ulushi 27 foiz atrofida barqaror saqlangan bo‘lsa-da, yangi sotib olishni rejalashtirayotganlar soni keskin qisqargan.

FINRA hisobotiga ko‘ra, kriptovalyuta xaridini rejalashtirayotgan investorlar ulushi 2021 yildagi 33 foizdan 2024 yilda 26 foizga tushgan. Mutaxassislar bu o‘zgarishni inflatsiya, foiz stavkalari va umumiy iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar bilan izohlaydi. Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, optimizm past bo‘lgan sharoitda investorlar xavfsizroq aktivlarga — obligatsiyalar, depozitlar va klassik fond bozori instrumentlariga o‘tishni ma’qul ko‘rmoqda.

Kamayishning yana bir sababi — kriptovalyutani xavfli deb hisoblovchilar sonining tobora ortayotgani. 2021 yili kriptoinvestitsiyalarni xatarli deb baholaganlar 58 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 66 foizga yetgan. Shu bilan birga, har uchinchi investor kriptovalyutaga qisqa muddatli yuqori daromad olish umidi bilan sarmoya kiritayotganini aytgan.

Tadqiqot shundan dalolat beradiki, investorlar ayrim yuqori xavfli segmentlarga ham qiziqish bildirmoqda: 13 foiz respondentlar memkoynlar va boshqa raqamli mahsulotlarni sotib olgan. 25 yoshdan kichik amerikaliklar orasida bu ulush qariyb uchdan bir qismiga teng.

Yana bir muhim trend — 2021 yildagi kriptobumdan keyin bozorga kiruvchilar soni keskin kamaygan. 2021 yilda yangi investorlar ulushi 21 foizni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi ikki yilda bu ko‘rsatkich atigi 8 foiz bo‘lgan. Bu esa aholi orasida kriptovalyutaning farovonlik omili sifatidagi jozibadorligi pasayganini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid