add

Amerika orzusi: AQSHda o‘qish istagi talabalarni ijtimoiy tarmoqlarini «ommaviy tozalash»ga majbur qildi

11.07.2025 | 20:00410811

AQSHda o‘qishni istayotgan chet ellik talabalar ijtimoiy tarmoqlardagi Netanyahu, Tramp yoki Isroilga oid tanqidiy postlarini ommaviy ravishda o‘chirib tashlamoqda.

Amerika orzusi: AQSHda o‘qish istagi talabalarni ijtimoiy tarmoqlarini «ommaviy tozalash»ga majbur qildi
 Washington Post нашрининг yozishicha, minglab talabalar ijtimoiy tarmoqlarini tozalashga kirishgan: siyosiy deb baholanishi mumkin bo‘lgan postlar, layklar, obunalar – hatto mashhur shaxslar va siyosatchilarga bo‘lgan obunalar ham bekor qilinmoqda. Bunga sabab – Donald Trampning topshirig‘i bilan AQSH vizalari uchun tekshiruvlarning kuchaytirilgani. Davlat departamenti iyun oyida «kengaytirilgan skrining» tizimini joriy qildi. Endilikda viza olish uchun ariza berganlardan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini ochib qo‘yish, viza ofitserlariga esa fotosuratlar, memlar va hatto layklargacha bo‘lgan barcha onlayn faoliyatni tekshirishga ruxsat berilgan. AQSH Davlat departamentining ichki hujjatida viza ofitserlari «Amerika fuqarolari, madaniyati, institutlari va asosiy tamoyillariga dushmanlik» alomatlarini aniqlashi kerakligi aytilgan. Hatto Isroilni tanqid qilish ham Amerika manfaatlariga zid deb baholanishi mumkin. Nashrga ko‘ra, talabalar bu holatdan sarosimada. Bir talaba: «Men Bayden, Kamala Harris, Obama va demokrat kongressmenlarning barchasidan obunani olib tashladim» , — deya izoh bergan. Boshqalar Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi postlardagi layklarini olib tashlagan, Falastin bayrog‘i yoki tarvuz tasviri bor profillardan obunani bekor qilgan. Ba’zilar hattoki zararli bo‘lmagan, neytral kontentdan ham ehtiyot bo‘la boshlagan. Masalan, bir talaba «devorga zarba bermoqchiman», degan memni o‘chirib tashlagan, chunki bu tajovuzkorlik sifatida talqin qilinishidan xavotirlangan. Yana biri Afg‘onistonga yordam haqidagi videoni ko‘rib, unga layk bosgan, keyin esa noto‘g‘ri tushunilishidan cho‘chib tezda o‘chirgan.  

«Eski postlar AQSHdagi rejalaringni barbod qilishiga yo‘l qo‘yma»

Ba’zi talabalar eski postlarini o‘chirishda yordam beradigan pullik xizmatlarga murojaat qilmoqda. Masalan, Phyllo va Redact.dev kabi startaplar ijtimoiy tarmoqdagi «xavfli» kontentni sun’iy intellekt yordamida aniqlashni taklif qilmoqda. Ular shunday shiorlar bilan reklama qilinmoqda: «Eski postlar AQSHdagi rejalaringni barbod qilishiga yo‘l qo‘yma». Shu bilan birga, viza rad etilganlar soni ham oshmoqda. Mahalliy nashrlarning ma’lum qilishicha, hatto ijtimoiy tarmog‘i yo‘qligi uchun ham rad etilgan holatlar mavjud. Advokatlarning aytishicha, bunday qarorlar izohlanmaydi va unga apellyatsiya berish imkoniyati yo‘q. Viza rad etilgan taqdirda, bu holat kelajakda ham AQSH vizasi olish imkoniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. AQSHda viza tekshiruvlarining kuchaytirilishi Tramp ma’muriyatining Falastin bo‘yicha siyosati, xususan, norozilik namoyishlarida qatnashayotgan xorijliklarga bosim o‘tkazish siyosati bilan bog‘liq. Yangi yo‘riqnomalarda faollarning AQSHdagi faoliyati, ularning ishtiroki «akademik maqsadlar»ga mos keladimi-yo‘qmi — shular tekshirilishi kerakligi aytilgan. «Men endi siyosiy mavzularda post yozishni to‘xtatdim. Endi mening profilim shunchaki bo‘sh qolgan sahifaga o‘xshaydi», dedi talabalardan biri.  

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Tramp ma’muriyati ilk bor aprel oyi o‘rtalarida Harvard universiteti rahbariyatidan xorijiy talabalarning «noqonuniy va zo‘ravonlik harakatlari» haqida hisobot talab qilgan. AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi universitetni Falastin tarafdori bo‘lgan norozilik namoyishlari tufayli aksilsemitizmga yo‘l qo‘yishda ayblagan. Bosimlar faqat viza va ta’lim tizimi bilan cheklanib qolmadi. AQSH hukumati Harvardga ajratilgan 60 million dollarlik federal grantlarni bekor qildi. Shuningdek, Oq uy universitetdan o‘qituvchilar ta’sirini kamaytirish, «Amerika qadriyatlariga dushman» talabalarni qabul qilmaslik kabi talablarga bo‘ysunishni so‘ragan. Harvard bu talablarga bo‘ysunishni rad etganidan so‘ng, umumiy qiymati 2,2 mlrd dollarga teng federal grantlar muzlatib qo‘yilgan. Shuningdek,  2025 yil iyun oyidan boshlab AQSHda o‘qish istagida bo‘lgan har bir xorijiy talabadan ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini to‘liq ochiqlashni talab qilina boshlandi. Bu talab «kengaytirilgan skrining» (extended screening) deb nomlanib, AQSH Davlat departamenti va Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) tomonidan joriy qilindi.

Bu tartibga ko‘ra, talabalar viza olish uchun ariza topshirayotganda, so‘nggi besh yil davomida foydalanilgan barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlarini taqdim etishi shart. «Isroilni tanqid qiluvchi postlar ham xavfli»

Vizani ko‘rib chiqayotgan konsullik xodimlariga esa bu akkauntlardagi postlar, layklar, repostlar, izohlar, obunalar, memlar va hattoki emojilarni tahlil qilish vakolati berildi. Ular, xususan, ariza topshiruvchining AQSH «qadriyatlari, jamiyati, siyosati va xalqiga qarshi dushmanlik kayfiyati» bor-yo‘qligini aniqlashi kerak. Davlat departamentining ichki yo‘riqnomasida yozilishicha, «Amerika institutlariga, fuqarolariga yoki ittifoqchilariga nisbatan tahdid yoki nafrat» bildirgan har qanday kontent salbiy baholanadi. Ayrim xodimlar bu doirada Isroilni tanqid qiluvchi postlarni ham xavfli deb talqin qilgan. Shu sababli talabalar ommaviy ravishda siyosiy kontentlarni, jumladan, Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi postlar, Bayden, Obamaga bo‘lgan obunalar, hatto yangiliklarga bergan layklar va memlarni ham o‘chirib tashlashga majbur bo‘lishdi. Washington Postda e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, ba’zilar shaxsiy sahifalarini butunlay yopgan yoki mavjud postlarni o‘chirib, faqat neytral kontent qoldirgan. Masalan, «Men siyosiy maqolalar yozishni to‘xtatdim. Endi profilim shunchaki bo‘sh qolgan sahifaga o‘xshaydi», deydi ismini oshkor qilmagan talaba. Biroq bu ehtiyotkorlik ba’zida o‘ziga qarshi ishlamoqda. Ayrim talabalar, masalan, Avstriyadan bo‘lgan bir ariza beruvchi, ijtimoiy tarmoq sahifasi yo‘qligi sababli shubhali deb topilgan va viza olishdan mahrum qilingan. DHS vakillari bunday holatni «faollikni yashirish» sifatida talqin qilgan. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid

Amerika orzusi: AQSHda o‘qish istagi talabalarni ijtimoiy tarmoqlarini «ommaviy tozalash»ga majbur qildi | Vaqt.uz