
Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi
O‘zbekiston tomonidan kengashga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamraislik qiladi. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida Prezident Administratsiyasi vakili — maslahatchi-elchi lavozimi joriy etiladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra, Amerika—O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi.
Farmonga keltirilishicha, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-investitsiyaviy va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish maqsad qilingan.
Kengash 2025-yil 4–6-noyabr kunlari prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi davomida “C5+1” sammiti doirasida tuzilgan kelishuv asosida tashkil etilgan. O‘zbekiston tomonidan kengashga Prezident Administratsiyasi rahbari raislik qiladi, AQSH tomonidan esa Prezident vakili hamrais sifatida ishtirok etadi.
Farmonda Kengashga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan quyidagi masalalarni ishlab chiqish ustuvor hisoblanishi belgilandi:
— strategik biznes tashabbuslar, yirik investitsiya va savdo loyihalari ishlab chiqilishi va kelishilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, ular amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish;
— O‘zbekistonga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini yaratish, yirik investorlar sifatida Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC)ni va O‘zbekiston tomonidan ham investorlarni belgilash, shuningdek, muhim infratuzilmaviy va strategik loyihalarni moliyalashtirish va xatarlarni taqsimlash uchun yirik moliya institutlarini (YTTB, XMK, OTB) jalb qilish;
— tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish;
— dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari bo‘lgan kompaniyalar mahsulotlari va xizmatlarini tizimli ravishda ilgari surish;
— mamlakatning investitsiya portfelini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valuta zaxirasining bir qismini va boshqa aktivlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar kiritish.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida Prezident Administratsiyasi vakili — maslahatchi-elchi lavozimi joriy etiladi. U o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga hisobdor va O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.
Maslahatchi-elchi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
— O‘zbekiston va AQSHda yirik va strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashabbus ko‘rsatish va muhokama qilish;
— O‘zbekiston tomonidan kengash ishini kompleks muvofiqlashtirish.
Farmonda 2026 yildan boshlab O‘zbekiston rezidentlariga AQSHdagi investitsiya operatsiyalarini cheklovlarsiz amalga oshirish imkoniyati yaratilishi ham nazarda tutilgan. Markaziy bank bir oy ichida zarur qonunchilik o‘zgarishlarini kiritadi. Shu bilan birga, iqtisodiy va moliyaviy muassasalarga mamlakatning valuta zaxiralari va aktivlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirilgan.
Farmon ijrosi ustidan nazorat Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatilgan.





