
Amerikaliklar Britaniya fuqaroligini olish bo‘yicha rekord yangiladi
23.05.2025 | 17:0044463
2025 yilning birinchi choragida 1930 nafardan ziyod amerikalik Britaniya fuqaroligi uchun ariza topshirdi — bu rekord daraja hisoblanadi. Bunga Donald Trampning qayta prezidentlikka qaytishi asosiy omil sifatida ko‘rsatilmoqda.

Financial Times nashrining xabar berishicha, 2025 yilning yanvar-mart oylari oralig‘ida 1930 nafardan ortiq AQSH fuqarosi Britaniya fuqaroligini olish uchun ariza topshirgan. Bu kuzatuvlar olib borilgan barcha davrlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.
Ushbu raqam o‘tgan chorak bilan solishtirilganda 12 foizga oshgan. Mutaxassislar bu tendensiyani asosan Donald Trampning AQSH prezidentligiga qayta saylangani bilan bog‘lamoqda. Immigratsiya huquqshunoslarining ta’kidlashicha, ko‘plab fuqarolar xavotir, ruhiy charchoq va moliyaviy barqarorlik istagi tufayli boshqa davlatlarga, xususan Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tishga harakat qilmoqda.
«Odamlar qo‘rquv, ruhiy charchoq va moliyaviy xavfsizlik istagini his qilmoqda», dedi so‘rovnomada qatnashgan mutaxassislardan biri.
Trampning qayta prezidentlikka kelishi ortidan AQSHda emigratsiya kayfiyati keskin oshgani ta’kidlanmoqda. Hatto The Washington Post nashri Tramp g‘alabasidan so‘ng mamlakatni tark etishni xohlayotgan amerikaliklar uchun maxsus qo‘llanma nashr etgan — unda Kanada va boshqa davlatlarga ko‘chib o‘tish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, saylovlardan so‘ng AQSHdagi yirik kompaniyalar rahbarlari ham o‘z lavozimlarini tark etgani, boy fuqarolarning katta qismi esa mamlakatni tark etishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar bor. Bunga siyosiy beqarorlik va ijtimoiy notinchlik xavfi sabab sifatida keltirilmoqda.





