
Amir Temur qozonining nusxasi Toshkentda yasaladi
01.08.2025 | 08:1026173
O‘zbekistonda Amir Temurning farmoyishi bilan XIV asrda tayyorlangan mashhur qozonning nusxasi ishlanadi.

O‘zbekistonda Amir Temur buyurtmasiga ko‘ra 1399 yili tayyorlangan va hozirda Qozog‘istonning Turkiston shahridagi Hoji Ahmad Yassaviy maqbarasida saqlanayotgan mashhur bronza qozonning aniq nusxasi yasaladi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan xabar qilindi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tarixiy qozonning balandligi 1,62 metr, diametri 2,42 metr, ichiga 3000 litrgacha suv sig‘adi, taxminiy og‘irligi esa 2 tonna. Bu ma’lumotlar uni Markaziy Osiyodagi eng yirik bronza idishlardan biri sifatida ko‘rsatadi. Juma kunlari undagi shirin suv xalq orasida ehson sifatida tarqatilgan.
Qayd etilishicha, qozon nafaqat amaliy metall ishlash san’atining yorqin namunasi, balki islomiy e’tiqod, so‘fiylik an’analari va Temuriylar davridagi madaniy jarayonlarning birlashuvi sifatida ham qaraladi.
Artefaktda «Baraka topsin» iborasi fors tilida o‘n marta, kufi xat bilan arab tilida 22 marta «Hokimiyat Allohnikidir» deb yozilgan. Yuqori tasmada esa Qur’on va hadislardan iqtiboslar keltirilgan. Shuningdek, Amir Temurning buyrug‘i va qozon yaratilish sanasi ham ushbu tasmada aks etgan.
«600 yillik mazkur doshqozon nusxasi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olishi kutilmoqda», deyiladi markaz xabarida.





